O‘zbekiston Adliya vazirligi obodonlashtirish sohasidagi qonun hujjatlari, huquqni qo‘llash amaliyoti va amalga oshirilayotgan ishlar holatini tizimli tarzda o‘rgandi. Tahlil natijalari obodonlashtirish ishlarining yuqori samaradorligiga erishishda to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bir nechta toifalarga ajratish mumkin.

1. «Moliyalashtirish manbalarining cheklanganligi»

Obodonlashtirish ishlari mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga, boshqacha aytganda soliq to‘lovchilarning mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Bunda, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar tutash hududlarni obodonlashtirishda hech qanday majburiyat olmaydi.

Xorijiy davlatlar tajribasida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarga ularning ko‘chmas mulklariga tutash hududlarni obodonlashtirish majburiyatini yuklash amaliyoti kuzatish mumkin.

Xususan, Nyu-Yorkda (AQSH) yuridik shaxslar o‘zlarining ko‘chmas mulklariga tutash bo‘lgan maydonlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishga majbur. Janubiy Koreyada esa qurilish kompaniyalari tomonidan bino, inshootlarni qurishga tegishli hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish sharti bilan ruxsat beriladi.

Moliyalashtirish manbalarining chegaralanganligi o‘z navbatida, malakali mutaxassislarni jalb etishda to‘sqinlik qiladi, chunki obodonlashtirish boshqarmalari xodimlarining ish haqi juda past.

2. «Obodonlashtiriladigan hududlarning aniq maydoni belgilanmagan»

Obodonlashtiriladigan hududlar pasportlarining holati qoniqarsiz ahvolda. Tahlillar natijasi haqiqiy obodonlashtiriladigan maydonlar hajmi pasportda qayd qilingan maydonlardan bir necha marotaba katta ekanligini ko‘rsatdi.

Ayrim turdagi maydonlar, xususan, aholi punktlarining markazlari (xiyobonlar, parklar, markaziy ko‘chalar) qisman obodonlashtirish boshqarmalari, davlat organlari, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan obodonlashtirilayotgan bo‘lsa, hududlarning qolgan qismi esa qarovsiz holda.

Tumanlar (shaharlar)ning aholi punktlarida, shuningdek jamoat joylarida (maydonlar, ko‘chalar, bog‘lar, parklar, vokzallar, aeroportlar, bozorlar, shahar transporti bekatlari va boshqalar) chiqindi qutilarining keskin yetishmovchiligi muammosi mavjud, chiqindi qutilar uchun talablar, ularni ishlab chiqish, bosqichma-bosqich joylashtirish grafiklari joriy etilmagan, fuqarolarni tozalikni ta’minlashga chorlaydigan talablar mavjud emas.

Shuningdek, suv ob’ektlari hamda qirg‘oqbo‘yi hududlarining qoniqarsiz ahvolda ekanligi, ushbu muammoga ham ko‘proq e’tibor tortish talab etiladi.

3. «Ish yuklamasi haddan ortiq»

Obodonlashtirish boshqarmalarining ish hajmi ularning mavjud imkoniyatlaridan 3−4 marta yuqoriligi, ularning ish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Respublika bo‘yicha 201 ta obodonlashtirish boshqarmalari mavjud bo‘lib, ularda jami 52.252,5 ta shtat birligi (o‘rganish vaqtida bo‘sh ish o‘rinlari soni 1.468 yoki 2,8%) joriy etilgan.

Me’yorga muvofiq 1 xodimning 1 kunda hududlarni tozalash maydoni 3.500 m2 tashkil etishi lozim, biroq amalda o‘rtacha yuklama 9.997 m2 tashkil etib, o‘rnatilgan me’yordan deyarli 3 marotaba oshadi.

Shuningdek, ko‘chalarni yoritish nuqtalarining ishlash holatini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga ham haddan ziyod katta yuklama to‘g‘ri keladi. Me’yorga muvofiq, 1 xodim 1 kunda o‘rtacha 500 ta yoritish nuqtalarini aylanib chiqishi va yaroqsiz holdagi yoritish lampalarini almashtirishi lozim. Biroq, amaldagi o‘rtacha yuklama 850 ta yoritish nuqtasini ya’ni, o‘rnatilgan normadan deyarli 1,5 marta ortiqni tashkil qiladi.

4. «Monitoringning mavjud emasligi hamda eskirgan texnika»

Respublikada obodonlashtirish boshqarmalari balansida jami 4.522 ta texnikalar mavjud bo‘lib, ulardan 888 tasi yoki 20% nosoz ahvolda.

Soz holatdagi texnikalarning 80% ma’naviy va moddiy eskirgan (1980/90 yillarda ishlab chiqarilgan TTZ-80, Gaz 53−12, Maz, ZIL) bo‘lib, ularni saqlash uchun ko‘p mablag‘lar talab etiladi, bu esa o‘z navbatida resurslardan samarasiz foydalanishga sabab bo‘lmoqda, texnikalarning qolgani esa faqatgina xodimlarni tashish uchun mo‘ljallangan Damas avtomobili va Isuzu avtobuslaridan iborat. Mavjud transport vositalari GPS uskunalari bilan jihozlanmagan. Natijada, transport harakatini masofadan kuzatish mexanizmi mavjud emas.

Obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlarining moddiy ta’minotini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladigan mablag‘larni jamlash imkoniyatini beruvchi byudjetdan tashqari jamg‘armalar mavjud emas.

Innovatsion rivojlanish davrida zamonaviy texnika yordamida foydali ish koeffitsiyentini sezilarli darajada oshirib, resurslar iqtisod qilinayotgan bir paytda, obodonlashtirish ishlarining aksariyati hanuz qo‘l mehnati yordamida amalga oshirilib kelinmoqda. Obodonlashtirish ishlari odatda ertalabki tig‘iz paytda yo‘l harakati ishtirokchilariga xalaqit va xavf tug‘dirgan holda olib boriladi.

Vaqt, moddiy va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejaydigan, shuningdek obodonlashtirish ishlari sifatini oshiradigan hududlarni monitoring qilish mexanizmi mavjud emas.

5. «Davlat-xususiy sheriklik, autsorsing va jamoatchilik nazorati elementlari mavjud emas».

Davlat-xususiy sheriklik elementlarining mavjud emasligi, qo‘shimcha samarali resurslarni jalb etish imkoniyatini cheklaydi. Mazkur sheriklikni alohida talablar asosida joriy etish xususiy sektorning moddiy-texnika va mehnat resurslarini jalb etishga imkon yaratadi.

Shu bilan birga, obodonlashtirish ishlarini tadbirkorlik sub’ektlariga autsorsing shartlari asosida topshirish ishlari amalga oshirilmagan. Bunday hamkorlik obodonlashtirish ishlari sifatini va mehnat resurslarini sezilarli darajada iqtisod qilishga yordam berardi.

Bu borada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari xususiy sektorga topshirilgan Janubiy Koreya tajribasi diqqatga sazovor. Mazkur mamlakatda tabiat va bog‘dorchilikni muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlari tanlov asosida shahar landshafti bo‘yicha ishlarni mahalliy byudjet mablag‘laridan moliyalashtirilgan holda amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritadi.

Sohada aholining ozodalik va tartibini ta’minlashda qiziqishini oshiradigan samarali jamoatchilik nazorati hamda real vaqt rejimida aholi bilan faol o‘zaro hamkorlik qilishga imkon beruvchi elektron maydoncha mavjud emas.

Shahar, viloyat va tuman markazlari, ovul va qishloq aholi punktlarini obodonlashtirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Adliya vazirigi tomonidan «Aholi punktlarini obodonlashtirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.