2018 yil 5 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi vaxalq deputatlari Mirobod tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Qo‘shma majlisda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahar, Mirobod tumani hokimliklari rahbarlarining Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar haqidagi axborotlari eshitildi, shuningdek tumanda sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga Mirobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15 avgustdagi «Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar yuklatildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish va amalga oshirishda ko‘maklashadi.

Tumanda 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan 39 ta mahallada uyma-uy yurish hamda ijtimoiy va boshqa soha ob’ektlarini o‘rganish natijalari asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ular bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish, bo‘sh turgan bino va ob’ektlardan samarali foydalanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, obodonlashtirish va yo‘llarni ta’mirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish kabi sohalarga taalluqlidir.

Majlis ishtirokchilariga joriy yilda Mirobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini amalga oshirish, xususan xorijiy investitsiyalar jalb qilish doirasida 17,02 mln. dollar o‘zlashtirilgani, 1496 ta yangi ish o‘rni yaratilgani, hududiy eksport dasturi doirasida 10,279 million dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarilgani haqida axborot berildi.

2018 yilda 35,6 mlrd. so‘mlik 59 ta loyiha ishga tushirilib, 287 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu loyihalarning 15 tasi sanoat sohasiga, 44 tasi xizmat ko‘rsatish sohasiga tegishlidir.

Vakillik organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida mahalla rolini yanada oshirish hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Obod mahalla», «Yoshlar kelajagimiz», «Har bir oila — tadbirkor», «Aholi bandligiga ko‘maklashish» kabi davlat dasturlarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, qo‘shma majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar tartibli o‘tkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama etildi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida bunday tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risidagi qarorning mazmun-mohiyati, tumanda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, ortiqcha sarf-xarajatlarga, milliy qadriyatlarga zid marosimlarga, nomaqbul odatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritdilar.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashining qo‘shma qarori qabul qilinib, unda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish belgilandi.