O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 avgustdagi «Aholiga nevrologik yordam ko‘rsatish xizmatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Markaz nevrologik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning yagona vertikal tizimini yaratish, davlat tibbiyot tashkilotlarining nevrologiya bo‘limlarini tashkiliy-uslubiy boshqarish, eksperimental va klinik nevrologiya sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida kompleks ilmiy-amaliy tadqiqotlarni va nevrologik kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlashga doir izlanishlar bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, hujayra va gen terapiyasiga doir innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish, skrining tadqiqotlarini tatbiq qilish hamda insult, epilepsiya va boshqa keng tarqalgan nevrologik kasalliklar qayd etilgan bemorlarni ro‘yxatga olish, nevrologiya va neyroreabilitologiya sohasida ishlovchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha mutaxassislari uchun seminar-treninglar, mahorat darslarini o‘tkazish va bunda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan holda faoliyat yuritadi.

Mazkur tibbiyot markaziga uzoq yillar davomida Rossiya va AQSHning qator nufuzli davolash muassasalari va klinikalarida neyroxirurg sifatida faoliyat ko‘rsatgan 42 yoshli Abdufarrux Karimov direktor etib tayinlandi.

Ma’lumot uchun Abdufarrux Karimov bunga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.