O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 sentyabr kuni Belarus Respublikasi, Malayziya hamda Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Leonid Marinich, Xendi Assan va Yazgul Mammedovdan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari elchilarni mamlakatimizda faoliyat boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga o‘z zimmasidagi sharafli va mas’uliyatli vazifani bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezident o‘z nutqida yangi elchilar vakili bo‘lgan davlatlar O‘zbekistonning muhim hamkorlari hisoblanishini ta’kidlab, ular bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston va Belarus Respublikasini o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan an’anaviy do‘stlik rishtalari bog‘lab keladi. Biz Belarus bilan har tomonlama va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga muhim ahamiyat qaratmoqdamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yuksak darajaga ko‘tarilmoqda. Bu tomonlarning samarali hamkorlik borasidagi qat’iy intilishini, mintaqaviy va xalqaro siyosatga doir turli masalalar bo‘yicha qarash va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin ekanini ko‘rsatadi.

Joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi salkam 4 barobar oshdi! Bunday natijalar ilgari hech qachon bo‘lmagan, deya ta’kidladi prezident.

Mashinasozlik, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa turli sohalarda istiqbolli qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, ishbilarmon doiralar va yetakchi korxonalarning biznes aloqalari mustahkamlanmoqda.

Shu yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan Belarus madaniyat va kino kunlari madaniy-gumanitar munosabatlar tarixidagi yorqin voqea bo‘ldi. Avgust oyida esa Toshkent shahrida Belarus xalq shoiri Yakub Kolas xotirasiga haykal o‘rnatilib, markaziy ko‘chalardan biriga uning nomi berildi.

Aminmanki, yaqin kunlarda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi davlatlararo munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonda elchi bo‘lib ish boshlayotgan Leonid Marinich katta tajribasi va salohiyati bilan O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston Malayziyani Osiyo mintaqasidagi ishonchli va istiqbolli sherigi, deb biladi. Bu davlatning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasidagi nufuzli o‘rni va rolini yuqori baholaydi.

Umumiy va mushtarak ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro siyosatning ko‘plab dolzarb masalalari bo‘yicha o‘zaro o‘xshash qarash va yondashuvlarga ega ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Malayziya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratmoqda. Savdo, investitsiya, innovatsiya, energetika, transport va logistika, farmatsevtika, tibbiyot sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz. Bu borada O‘zbekiston — Malayziya qo‘shma savdo qo‘mitasi faoliyati alohida ahamiyatga egadir. Hozirgi kunda turizm sohasi, jumladan, ziyorat turizmi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan istiqbolli yo‘nalishlar ochilmoqda, dedi Prezident.

O‘zbekistonda faoliyat boshlayotgan Hendi Assan tajribali va obro‘li diplomat sifatida mamlakatlarimiz munosabatlarini yanada rivojlantirishga butun kuch-g‘ayrati va salohiyatini safarbar qilishi qayd etildi.

Turkmaniston — O‘zbekistoning strategik hamkori, bizning eng yaqin va ishonchli qo‘shnimizdir, dedi prezident. Hozirgi kunda mamlakatlar hamkorligi o‘zaro hurmat va ishonch ruhida jadal rivojlanib bormoqda.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda ulkan qadam bo‘ldi. Tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan muhim kelishuvlar savdo va investitsiya, turizm, transport va tranzit, energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.

Mamlakatlar hududlari o‘rtasida tobora rivojlanayotgan aloqalarning imkoniyatlaridan keng foydalanish istiqboldagi muhim vazifadir.

Turkmanistonning eng tajribali diplomatlaridan biri Yazgul Mammedovning O‘zbekistondagi faoliyati har tomonlama samarali bo‘ladi, davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz, dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan davlatlarimiz va xalqlar o‘rtasidagi aloqalar yangi pog‘onaga olib chiqilishini, elchilarning diplomatik faoliyati samarali bo‘lishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Hukumati va Tashqi ishlar vazirligi har tomonlama yordam ko‘rsatishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, yangi tayinlangan elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor bilim va kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdi.