Bulung‘ur tumani Baxshi ko‘chasida yashovchi, tuman XTBga qarashli 23-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi S.O.ning arizasi yuzasidan maktabda tekshirish ishlari olib borilganda, maktabning mansabdor shaxslari ish haqi va boshqa mablag‘larni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilib kelayotganligi aniqlangan, deya xabar beradi zarnews.uz viloyat IIBning feysbukdagi sahifasiga asoslanib.

Jumladan, mansabdor shaxslar o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, 2016 yil 31 dekabr kuni chek orqali jami 6 million so‘m avans pullarini naqd shaklda bankdan olishgan. 9 nafar o‘qituvchiga 3 mln. 752 ming so‘m pullarni tarqatmasdan, ularning vedomostdagi imzolarini soxtalashtirib, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan.

Bundan tashqari, 2016−2017 yillarda tug‘ruq ta’tilida bo‘lgan maktabning 5 nafar o‘qituvchisiga kredit va boshqa to‘lovlar uchun 22 mln. 728 ming 500 so‘m va ish haqi sifatida 26 mln. 517 ming 500 so‘m, jami 49 mln. 246 ming so‘m pul mablag‘lari o‘qituvchilar shu vaqtda ishlamagan bo‘lsalar-da, ularning nomlaridan vedomostlar soxtalashtirilib, byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilingan.

Bulung‘ur tumanidagi 23-umumta’lim maktabi mansabdor shaxslari tomonidan jami 52.998.000 so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tumani prokuraturasi tomonidan O‘z.R JKning 167-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.