Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova va boshqalar mamlakatimizda yozuvchi va shoirlarimizning nomlarini abadiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlar, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar adabiyot, madaniyat va san’atga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasi ekanligini ta’kidladi.

E.Vohidov «Tong nafasi», «Qo‘shig‘im sizga», «Aql va yurak», «Mening yulduzim», «Yoshlik devoni», «Tirik sayyoralar», «Sharqiy qirg‘oq», «Kelajakka maktub» kabi she’riy to‘plamlari, «Nido», «Quyosh maskani», «Ruhlar isyoni», «Ko‘hinur» kabi dostonlari, «Oltin devor», «Istanbul fojiasi» singari sahna asarlari, «So‘z latofati» badiiy risolasi, jahon adabiyotining mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan shoirlardan biridir.

Davlat rahbarining 2016 yil 7 dekabrdagi «O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qarori asosida Marg‘ilon shahrida ijodkorlar bog‘i tashkil etilib, Erkin Vohidovning haykali o‘rnatildi va memorial muzeyi bunyod etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 maydagi qarori bilan Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etildi. Mazkur maktabda o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida uni yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va o‘quv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.

— Mazkur maktab-internatni tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomini abadiylashtirish, shoir izdoshlarini kashf etish va ularning o‘z iste’dodlarini keng namoyon qilishlari uchun sharoitlar yaratishdir, — deydi maktab-internat direktori Nigora Mannopova. — 2018−2019 o‘quv yilida 5−8-sinflarga 150 nafar iste’dodli o‘quvchilarni qabul qildik. Albatta, bu maskan Erkin Vohidov kabi buyuk ijodkorlarni kamol topishiga xizmat qiladi.

Maktab-internat o‘quvchilari tomonidan taniqli shoirlarning rus, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan she’rlari aytildi. Bu yerdagi ilk saboq «Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!» shiori ostida o‘tkazilib, istiqlolimizning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Maktab-internatning ochilishida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev so‘zga chiqdi.