Bugun Toshkentdagi «Universal» sport saroyida boks bo‘yicha sobiq Yevropa va jahon chempioni, professional boksda o‘z vaqtida WBC, WBA, IBF yo‘nalishlarida chempionlik kamariga egalik qilgan Konstantin Szyu ishtirokida master-klass tashkil etildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbir oldidan akrobatik shou namoyish etildi. So‘ngra tadbirning asosiy mehmoni Konstantin Szyu davraga chiqib keldi va yosh bokschilar bilan mashg‘ulotlar olib bordi. Yosh bokschilar mahorat darslarida o‘zlari uchun yangi bo‘lgan bir qancha bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

Tadbir davomida muxlislar Szyu bilan suhbatlashib, suratga ham tushishdi. Yakunda sobiq bokschiga esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan maxsus sovg‘ani Bosh kotib Jasur Matchanov topshirdi.

«Yoshim ellikka yaqinlashib qoldi. Ammo, har kuni mashg‘ulot o‘tkazaman. Chunki, o‘zimga-o‘zim va’da berganman. Sizga ham maslahatim shu. O‘zingizga va’da bering va buni amalga oshiring. Mashg‘ulotlarni to‘xtatmang. O‘z maqsadingiz sari intilishda davom eting. Albatta orzuingizga erishasiz», — dedi Szyu o‘zbekistonlik yosh bokschilarga qarata.