O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov rahbarligida 2018 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bu yil yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, yig‘im-terimda ishtirok etadigan terimchilarning moddiy manfaatdorligini ta’minlash va paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarning moliyaviy holatini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ilgari paxta mavsumida terimchilarga munosib haq to‘lanmagan. Yeb-ichish, yashash sharoitlari to‘liq yaratib berilmagan. Joriy yil bu kabi kamchiliklar, xatoliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Paxta teruvchilarga munosib haq to‘lanadi. Zarur sharoitlar yaratib beriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, paxtaning mashinada terilgan bir tonnasi uchun 400 ming so‘m xizmat haqi to‘lanadi. Qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi majburiyati 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so‘m, ikkinchi bosqichda 60 foizdan 80 foizgacha 850 so‘m, uchinchi bosqichda 80 foizdan ortganda 1000 so‘m mehnat haqi to‘lanishi belgilandi.

Shu bilan birga, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon, Kasbi tumanlari, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) terimchilarni paxta yig‘im-terimiga qo‘shimcha ravishda jalb qilish maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun terimchiga qo‘shimcha 150 so‘m ustama hamda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so‘m, jami 300 so‘m miqdorida naqd pulda kunlik ustama haq to‘lanadi. Bu yil paxta terimi uchun to‘langan puldan soliq olinmaydi. Terimchi to‘liq mehnat haqini oladi. Terim pullari har besh kunda, zarur bo‘lganda har kuni berilishi ta’minlanadi.

Bu yil paxta yig‘im-terimi uchun 26 mingdan ziyod terim otryadi tuzilib, 2 milliondan ortiq terimchi jalb etilishi qayd etildi. Xohlagan odam ixtiyoriy ravishda mehnat ta’tiliga chiqib, paxta yig‘im-terimida ishtirok etishi mumkin. Bunda u ma’lum terim otryadiga biriktiriladi, mehnat shartnomasi tuziladi hamda to‘liq mehnat haqini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlat ehtiyojlari uchun kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan miqdordan ortiqcha topshirgan fermer xo‘jaliklariga paxta xomashyosi xarid narxlariga 15 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Qayd etildiki, 18 yoshga to‘lmagan yoshlar, umumta’lim maktablari yoki boshqa ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda o‘qituvchilari, tibbiyot xodimlarini paxta yig‘im-terimiga jalb etish qat’iyan taqiqlanadi. Shuningdek, aholini majburan paxta terimiga olib chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu hol kuzatilgan taqdirda tegishli jazo choralari qo‘llaniladi. Terimchilarni tushlik, ichimlik suvi bilan ta’minlash, paxta maydoniga olib borish va olib kelish fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshiriladi.

Paxta yig‘im-terimi mavsumida Vazirlar Mahkamasidan vakillar biriktirilib, ma’lum hududlarga yuboriladi. Ushbu vakil u yerdagi mehnat sharoitlarini nazorat qiladi, metodik tushuncha va maslahatlar beradi, qo‘yilgan vazifalarning vaqtida va shaffof bajarilishini o‘rganadi. Prokuraturadan biriktirilgan xodimlar majburiy mehnatning oldini olish, fermer va terimchilarning manfaatini himoya qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.

Bosh vazir ushbu ishlarni tizimli va uyushqoqlik bilan amalga oshirish, odamlarning ongi va yondashuvini o‘zgartirish, tartib buzilishi holatlarida zudlik bilan axborot berishda ommaviy axborot vositalari haqiqiy yordamchi bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.