2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

paxta xom ashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 400 ming so‘m xizmat haqi to‘lash;

paxta xom ashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so‘m, ikkinchi bosqichda — 60 foizdan 80 foizgacha — 850 so‘m, uchinchi bosqichda — 80 foizdan ortganda — 1000 so‘m mehnat haqi to‘lash.

Bundan tashqari, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 150 so‘m, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so‘m, jami 300 so‘m ustama haqi to‘lanishi nazarda tutilgan. Ushbu mablag‘lar Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Qarorda belgilanganidek, otryad rahbarlari terilgan paxta miqdoridan kelib chiqqan holda mehnat haqini oshirib borish asosida rag‘batlantiriladi.

Paxta yig‘im-terimida ish kuchi yetishmovchiligi kuzatilgan taqdirda, tumanlar hokimliklari hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining buyurtmalariga asosan tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan qo‘shimcha terimchilar ixtiyoriy ravishda jalb etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olishni tashkil etish, mavsumda qatnashayotgan terimchilarga mehnat haqi to‘lash hamda ish kuchi yetishmovchiligi mavjud tumanlarga qo‘shimcha terimchilarni jalb qilish va ularga kafolatlangan haq to‘lash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, shu mavsumdan boshlab paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamg‘armasi uchun sug‘urta badallari undirilmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2018 yil paxta hosilini yordamchi kuchlarisiz (hasharchilarsiz) terib oladigan tumanlar ro‘yxati quyida keltirilgan.