23 avgustdan 3 sentyabrgacha Bolgariyaning oltita shahrida Yevropa folklor festivallari assotsiatsiyasi va YUNESKO tomonidan Xalqaro folklor festivali o‘tkazildi.

O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan «Maqom» ansambli festival gran-prisini qo‘lga kiritdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

20 nafar musiqachi o‘rin olgan ansamblga O‘zbekiston xalq artisti Soyibjon Niyozov boshchilik qildi.

Tanlov olti bosqichdan iborat bo‘ldi. Unda dunyoning 72 mamlakatidan 98 jamoa qatnashdi.

Birinchi o‘rinni Rossiya jamoasi band etdi. Ikkinchi o‘rin esa gruzin folklorchilariga nasib qildi. Buyuk britaniyalik san’atkorlar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Xalqaro festival 1992 yildan buyon o‘tkazilmoqda. Unda Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrika qit’asidan folklor jamoalar ishtirok etadi. Festival shiori: «Bugun va bir umrga do‘st bo‘lib qolamiz».