Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Chuqursoy texnik idora» chegara bojxona posti xodimlari Farg‘ona viloyatidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga Xitoydan keltirilgan yuklar ortilgan konteynerni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida navbatdagibojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yuk-kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, konteynerda 34 tonna og‘irlikdagi velosiped pokrishkalari ortilgan bo‘lishi lozim edi. Ammo, bojxona ko‘rigi davomida konteynerda hujjatlardagidan ortiqcha 25 ming 440 dona velosiped pokrishkalari va hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagan 4 turdagi salkam 28 ming 680 dona uzunlik o‘lchash asboblari, salkam 20 ming dona elektroizolyatsion lentalar borligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga fuqaro X.Yo.ga tegishli mazkur tovar-moddiy boyliklarning taxminiy qiymati 730 mln. so‘mdan ortar ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.