Ko‘ksaroyda o‘tgan muzokaralar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyning Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki mamlakat hukumat va vazirliklari o‘rtasida turizm, investitsiya, soliq, adliya, qishloq xo‘jaligi, madaniy meros va sport sohalari, tashqi ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi.

Prezidentlar bo‘lib o‘tgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, O‘zbekiston bilan Misr munosabatlarida yangi bosqich boshlanganini ta’kidladi.

«Abdulfattoh as-Sisiy janoblarining O‘zbekistonga birinchi rasmiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ochiq, do‘stona va amaliy ruhda o‘tgan muzokaralarimiz barcha masalalar yuzasidan yondashuv va qarashlarimiz o‘xshashligini ko‘rsatdi. Ishonchim komilki, bugungi kelishuvlar O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi munosabatlarni sifat va mohiyat jihatidan boyitib, o‘zaro manfaatli hamkorligimizni yangi, yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misr Prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorlikning barcha sohalari bo‘yicha kelishib olganini, bu kelishuvlar kelgusi tashriflarga debocha va ulkan natijalarga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Abdulfattoh as-Sisiyning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bugun yakunlanadi.