Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan sport jihozlari va inventarlarini xarid qilishda shaffof tizim yaratish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular orasidan eng ilg‘or va sifat ko‘rsatkichi yuqori bo‘lganlarini o‘rganish maqsadida joriy yilning 7 sentyabr kuni Toshkentdagi Taekvondo WTF assotsiatsiyasining zalida ko‘rgazma tashkil etilmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda respublikamizdagi sport inshootlari uchun Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 90 turdagi 30 mlrd. so‘mlik sport jihozlari va inventarlarini xarid qilish rejalashtirilmoqda. Ularning barchasi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan sotib olinib, g‘oliblarni aniqlashda shaffof va adolatli tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, sport sohasi vakillari va barcha qiziqish bildirganlar mazkur ko‘rgazmada ishtirok etishlari mumkin.