Toshkent viloyatida turizm infratuzilmasini yaxshilash, xususan, yo‘lovchi sayyohlarning ko‘zlangan manzil bo‘ylab to‘g‘ri harakatlanishini ta’minlash maqsadida yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Viloyat turizmni rivojlantirish departamentidan ma’lum qilishlaricha, «Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorvoq», «Bektemir — Yuqori Chirchiq — G‘azalkent — Chorvoq», «Chorvoq» erkin turistik zonasi va viloyatning turistlar oqimi yuqori bo‘lgan yo‘llari bo‘ylab o‘zbek va ingliz tillarida axborot beruvchi 100 dan ortiq yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanida 10 yo‘nalish bo‘ylab 62 turistik maskan joylashgan bo‘lib, mazkur turistik ob’ektlarga olib boruvchi 370 kilometr masofadagi yo‘llar bo‘ylab ham yo‘l belgilarini o‘rnatish ishlari yakunlangan.