Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida 3 sentyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammitida nutq so‘zlab, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarashini ta’kidladi.

«Turkiy kengash doirasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etishga tayyormiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sammitda ushbu tuzilmaga a’zo mamlakatlar — Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban anjumanda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.

Davlat rahbari sammitda so‘zlagan nutqida xalqlarni o‘xshash til, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini qayd etdi.

«Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshgan. Shavkat Mirziyoyev bu ko‘rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini ta’kidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasiga e’tibor qaratildi. Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar borligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi qayd etildi. Shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, yosh avlodni ilm-ma’rifat asosida tarbiyalash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Qirg‘iziston Respublikasiga o‘tgani munosabati bilan prezident Sooronbay Jeenbekovni tabrikladi.

Sooronbay Jeenbekov O‘zbekistonning a’zo davlat sifatida Turkiy kengashga qo‘shilish maqsadini yuqori baholashi va qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashkilotga yangi nafas bag‘ishlab, ko‘plab yangilanishlar manbaiga aylanadi.