O‘zbekiston hukumati armiyada xizmat qilib qaytgan abituriyentlarga imtiyoz taqdim etish tizimiga o‘zgartishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Ballarga ustamalarni umumiy tanlov doirasidan tashqarida o‘tkazish kutilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Bugun O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega abituriyentlar OTMlarga kirishda to‘plagan balining 50 foizi miqdorida ustamani qo‘lga kiritadi. Bosh vazir o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, bu qizlar huquqining buzilishiga olib keladi.

«Men 100 foiz qo‘shilaman. Harbiylarga umumiy tanlov doirasida emas, balki maxsus kvota bo‘yicha imtiyozlar taqdim etilishi kerak. Ballarga ustamalar qo‘yilishi borasida ko‘plab savollar mavjud. bu yerda qizlar huquqlarining ma’lum ma’noda buzilishi ham vujudga keladi. Bu masala qayta ko‘rib chiqilishi va tizim o‘zgarishi kerak. Bu adolatsiz va noshaffof», — dedi u.

Aziz Abduhakimovning fikricha, imtiyozli ballar muayyan mutaxassisliklar bo‘yicha boshqa abituriyentlar huquqlarini ham buzishga olib kelmoqda. «Bu yil yuridik mutaxassislar bo‘yicha asosiy o‘rinlarni sobiq harbiy xizmatchilar qo‘shimcha ballar evaziga egalladi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Bosh vazir o‘rinbosari xizmat vaqtida vafot etgan, jarohatlangan, nogiron bo‘lgan yoki kontuziya yoxud shikastlanish sababli kasallikka chalingan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, shuningdek kam ta’minlangan, ko‘p bolali va olis hududlarda istiqomat qiluvchi oilalar farzandlariga imtiyozlar berilishini to‘g‘ri deb hisoblaydi.

«Bu yerda qo‘shimcha kvota bo‘lishi kerak, asosiy emas. Hozir biz qaror tayyorlayapmiz va kelgusi yili o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini kutayapmiz», — dedi ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari bo‘yicha hukumat kompleksi rahbari.