Joriy yilning 1−9 sentyabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Cho‘lpon-Ota shahrida Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bugun «Toshkent» xalqaro aeroportidan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev rahbarligidagi O‘zbekiston sport delegatsiyasi Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2018 yil 1−9 sentyabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Cho‘lpon-Ota shahrida Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi sportchilari ishtirok etadi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimi 2 sentyabr kuni, yopilish marosimi 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi jami 76 kishidan iborat, shundan 13 ta (kurash, sambo, gushtini milli kamarbandi (Tojikiston kurashi), qozoq kurashi bo‘yicha, paxlavani (Eron kurashi), gyulesh (Azarbayjon kurashi), ashirtmali aba gyuleshi (Turkiya kurashi), alish kurashi (Qirg‘iziston kurashi), goresh (Turkmaniston kurashi), mangol box (Mo‘g‘iliston kurashi), qirg‘iz kurashi, armrestling, lochin ovi va tayganlar yugurishi bo‘yicha) sport turidan 54 nafar sportchi, 15 nafar murabbiy va 7 nafar menejer, mutaxassis, ishchi guruhi a’zolari va rahbari ishtirok etadilar.


MA’LUMOT UCHUN:

2 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da Cho‘lpon-Ota shahridagi «Ippodrom» stadionida 80 ta davlat sport delegatsiyalari 2000 nafar ishtirokchilar ishtirokida III Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

O‘yinlarda 50 ta sport turi bo‘yicha 500 dan ortiq komplekt medallar jamlanmasi o‘ynaladi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi 13 ta sport turi bo‘yicha 58 nafar sportchi ishtirok etadi.

Ushbu o‘yinlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi ilk bor ishtirok etmokda.

Mazkur o‘yinlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad milliy sport turlarini asrash, xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashdir.