AQSH Federal Tergov Byurosi direktori o‘rinbosari Devid Boudich boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifi doirasida joriy yilning 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda AQSHning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi P.Spratlen ham ishtirok etdi, deyiiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Tadbir ishtirokchilari o‘zaro hamkorlikning izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladilar. Hamkorlikning ilk bosqichi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va AQSH Federal Tergov Byurosi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganligi (2017 yil 4 dekabr) qayd etildi. AQSH Federal Tergov Byurosi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi huquqiy sohadagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun navbatdagi bosqich bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Amerikalik xamkorlarga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita boshchiligida amalga oshirilayotgan jamiyat va davlatning barcha sohalarini qamrab olgan islohotlar haqida, shu jumladan prokuratura organlarining islohotlarning samarali amalga oshirilishidagi roli, shuningdek prokuraturaning yangi vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Bosh prokuratura akademiyasi va axborot-tahlil multimedia markazi faoliyati bilan ham tanishdilar.

Tomonlar terrorizm, ekstremizm, separatizm, giyohvand vositalar aylanmasi, odam savdosi va boshqa transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, shuningdek, jinoyat ishlarini tergov qilishda huquqiy yordam ko‘rsatish tartibini soddalashtirish, prokuratura organlari xodimlarini o‘qitish va qayta tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro fikr almashib, kelgusida konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirdilar.