O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, uning hududiy bo‘limlari tomonidan 2018 yilning o‘tgan davri davomida avtotransport vositalarini avtosalonlardan noqonuniy ravishda olib chiqib berish, rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsiya, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi holatlar bo‘yicha jami 45 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Aniqlangan ushbu jinoyat ishlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida 1 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 2 tadan, Andijon va Xorazm viloyatlarida 3 ta, Farg‘onada 4 ta, Toshkent shahrida 11 ta, Buxoro viloyatida 12 ta shunday holatlar ro‘y bergani kuzatiladi.

2018 yil 17 may kuni Departamentning Buxoro shahar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkaziladi. Fuqaro Suhrob Barotov tomonidan Umida Bo‘stonovaga Buxoro shahridagi avtosalonlarda yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali «Kaptiva» rusumli avtomashinani tez orada olib beraman deya va’da beriladi. Xizmat evaziga esa Suhrob Barotov 1500 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi.

Ana shunday yana bir firibgarlik xolatiga departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan chek qo‘yildi.

Xonqa tumani Ahillik mahallasida yashovchi fuqaroning qilgan murojaatida ko‘rsatilishicha, Urganch shahrida yashovchi, «Xorazmavtosavdo» MCHJda ishlaydigan Azamat ismli shaxs «Damas» rusumli avtomashina sotib olish shartnomasi uchun undan 1100 AQSH dollari talab qilgan. Fuqaroning arizasi yuzasidan 2018 yil 25 avgust kuni tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro Azamat Yusupov firibgarlik yo‘li bilan 1100 AQSH dollarini olgan vaziyatda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Departamentning Toshkent shahar Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Chilonzor tumanida joylashgan AVTOTEXXIZMAT MCHJ muxandisi Zohidov tanishlari orqali fuqaro Asanovaga Yunusobod tumanida joylashgan HUMO avtosalonidan «Jentra» rusumidagi mashinani sotib olib berishni va’da qilib, evaziga 900 AQSH dollarini 17-shahar klinik shifoxonasi oldida olayotgan paytda qo‘lga olindi. Lekin Zohidov o‘z ko‘rsatmasida bu mablag‘ning 700 AQSH dollarini AVTOTEXXIZMAT ekspeditori Nazarovga berishini ma’lum qildi. Shunga muvofiq o‘tkazilgan tezkor harakatlar davomida Nizomiy pedagogika universiteti atrofida Nazarov Zohidovdan ushbu mablag‘ni olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Yana bir firibgarlik holati fuqaro E.Parmanova arizasi yuzasidan Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi xodimlari va ichki ishlar vakillari hamkorligida aprel oyida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi. Gap shundaki, Marg‘ilonlik K.Oripov va Q.Dadaboyev hamda Andijonlik B.Baltabayevlar Andijon shahridagi avtomashinalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi «Bobur» MCHJ bo‘limi boshlig‘i Q.Saliyev bilan o‘zaro til biriktirib, fuqaro E.Parmanovaga Neksiya-3 rusumli avtomashinani navbatsiz, bir kun muddat ichida sotib olib berishni va’da qilishadi. Evaziga talab qilingan 700 AQSH dollarini o‘sha avtosalon oldida olishayotgan paytda qo‘lga olinadi.

Shuningdek, fuqaro Arziyevning murojaatiga asosan, Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari va ichki ishlar vakillari hamkorligida joriy yilning 22 may kuni tezkor tadbir o‘tkazildi. Gap shundaki, «Sirdaryoavtotexxizmat» MCHJ ijro intizomi va ish yuritish bo‘yicha mutaxassisi Uralov va boshqalar oldindan til biriktirib, firibgarlik, ya’ni ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida fuqaro Arziyevga Toshkent shahrida joylashgan avtosalonlardagi tanishlari orqali «Spark» rusumli avtomashinani sotib olish uchun shartnoma olib berishni va’da qilib, evaziga 500 AQSH dollari talab qiladi. Tezkor tadbir davomida Uralov kimyoviy ishlov berilgan 500 AQSH dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tahlillarga ko‘ra, firibgarlar tomonidan noqonuniy yo‘l bilan sotib olinmoqchi bo‘lgan avtomobillar reytingida, ommabop hisoblangan Neksiya, o‘zining tashish hajmi va kengligi bilan Damas yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda biroz qimmatroq Lasetti va Kaptiva. Bundan tashqari Kobalt va Spark. Shuningdek, boshqa markadagi avtomobillar.

Yuqorida keltirilgan tovlamachi va firibgarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi aholidan mashina sotib olishda korrupsiya bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa 10−07 yoki Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining 233−10−07 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishini so‘raydi.