31 avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan Shahidlar xotirasi xiyobonida o‘tkazilgan xalq ozodligi yo‘lida fido bo‘lgan insonlarni xotirlash marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Qur’on tilovat etilib, qatag‘on qurbonlari ruhiga duo qilindi. Elga osh tortildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident diniy ulamolar, ta’lim sohasi mutasaddilari bilan suhbatda vatanparvar insonlarni e’zozlash, yoshlarni milliy g‘urur ruhida tarbiyalash, ularda buyuk bobolardek bo‘lishga intilishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun O‘zbekiston Islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan keng foydalanish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish kerakligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik maydoniga ham tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar vakillari ham yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.