Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov ishi bo‘yicha gumonlanayotgan tadbirkor Alisher Xodiyev O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qaroriga asosan Ispaniyada hibsdan ozod qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi xabar berdi.

Alisher Xodiyev pul «yuvish», firibgarlik va jinoiy yo‘llar bilan olingan daromadlarni legallashtirishda ayblanmoqda.

Hibsda saqlanayotgan Alisher Xodiyev o‘z murojaatida O‘zbekistonga ko‘ngilli ravishda kelish va tergovda hamkorlik qilish maqsadida ekanini bildirgan.

«Gazeta.uz» suhbatdoshining ma’lum qilishicha, uning ozod etilishi Xodiyevga nisbatan e’lon qilingan ayblovlarning bekor qilinishini anglatmaydi. Tergov davom etib, uning barcha da’volari tekshiriladi.

Iqtisodiy ishlarda asosiy e’tibor ayblanuvchilar tomonidan yetkazilgan zararlarning qoplanishiga qaratilgani sababli 40 yoshli tadbirkorga O‘zbekistonga ko‘ngilli ravishda kelish va tergov harakatlarida ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi.

40 yoshli Alisher Xodiyev mart oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bo‘yicha Barselonada qo‘lga olingan edi. 17 iyun kuni Madrid sudi xalqaro qidiruvda bo‘lgan Xodiyevni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqardi. Biroq 7 avgust kuni Ispaniya sudi mazkur mamlakat Bosh prokuraturasi uni qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatidan chiqargani sababli ekstraditsiya to‘g‘risidagi birinchi qarorni bekor qildi, deya xabar berdi «Ozodlik» radiosi.