«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tmoqda. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, O‘zbekiston ahlini ushbu sana bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan bu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etamiz», dedi davlat rahbari.

Joriy yilda ham mamlakatda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi, xaqimiz hayotida beqiyos o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy zavod va korxonalar ishga tushirildi. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik va eksport hajmi oshdi. Aholining real umumiy daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga o‘sdi.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari yurtimizning eng chekka hududlariga ham bunyodkorlik ruhini, adolat nafasini olib kirdi. Keyingi bir yarim yilda yangilangan loyihalar asosida qishloq aholisi uchun 38 ming 543 ta shinam uy-joy qurildi va 40 ming oila yangi xonadonga ko‘chib o‘tdi.

«Bizning bosh maqsadimiz — xalqimizning roziligi. Bu Prezident sifatida mening, barcha bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilar, deputat va senatorlar, butun davlat idoralarining faoliyatiga berilgan eng oliy va eng adolatli bahodir. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham rozi bo‘ladi» dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident erishilgan natijalar bilan birga hali oldinda ko‘p vazifalar turgani, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, yoshlarni ishga joylashtirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Bu boradagi barcha dolzarb masalalar xalq bilan muloqot asosida, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilishini ta’kidladi.

«Mana shu ulug‘ ayyomda barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mard va saxovatli, bag‘rikeng va olijanob halqimizga farzandlik mehrim bilan ta’zim qilaman» deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bayram tadbiri tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.