Joriy yilning 30 avgust kuni Rossiya 24 kanali O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan «Shoxpaxta» konida qo‘shma gaz ishlab chiqarish litsenziyasini yana besh yilga uzaytirish bo‘yicha farmonning imzolanishiga bag‘ishlangan lavhani efirga uzatgan.

Gaz qazib olish bo‘yicha amaldagi litsenziyaning muddati 2019 yilning mart oyida tugar edi, deyiladi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati xabarida.

Litsenziya muddatini yana 5 yilga uzaytirish niyati shu yilning may oyida Rossiyaning Sankt-Peterbur shahrida bo‘lib o‘tgan Halqaro iqtisodiy forumi davomida «O‘zbekneftgaz» AJ va «Gazprom» DAJ o‘rtasida tegishli hujjatning imzolanishi orqali tasdiqlangan edi.

2018 yilning 20 avgustida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti ayni masala yuzasidan tegishli qarorni imzolagan. 2002 yilning fevralida gazni qazib olish ishlari to‘xtatilgan edi.

2002 yilning 17 dekabrida «Gazprom» OAJ va «O‘zbekneftgaz» MXK gaz sohasida strategik hamkorlik bo‘yicha Kelishuvni imzolashgan. Ushbu hujjatda ikki davlatning gaz sohasidagi munosobatlari aniq belgilangan.

Kelishuvda, shuningdek, mahsulot taqsimoti bo‘yicha shartnomalar shartlariga muvofiq gaz qazib olish bo‘yicha loyhalarni birgalikda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

2004 yilning 14 aprel kuni Toshkentda «Shoxpaxta» konida qo‘shimcha qidirish ishlarini olib borish bo‘yicha mahsulot taqsimoti Kelishuvi imzolangan. «Shoxpaxta» bo‘yicha kelishuvning amal qilish muddati 15 yil etib belgilangan.

Operatorning asosiy vazifasi tadqiqotlar olib borish, shuningdek, tabiiy gazni qidirish, qazib olish va transportirovka qilish ishlarini amalga oshirishdir, shu jumladan, infratuzilma va transport ob’ektlarini qurish, gazni tozalash, uni saqlash, atrof-muhit muhofazasi, va Kelishuv doirasida belgilangan yana qator boshqa ishlarni bajarishdir.

2004 yilning avgust oyidan beri «Shoxpaxta» konida 4 milliard kub metrdan ortiq gaz qazib olingan. Konning qoldiq zaxiralari esa loyihani muvaffaqiyatli davom ettirish imkoni borligini ko‘rsatgan.

2017 yilda gaz qazib olish hajmi 311,4 million kub metrni tashkil etgan. 2018 yiling boshidan 15 avgust kuniga qadar ushbu ko‘rsatkich 176,4 million kub metrga yetgan.