O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Germaniyaning VAMs GmbH kompaniyasi Jizzaxda o‘tkazilgan Xalqaro investitsiya forumida mamlakat aholiiga nefrologik va gemodializ yordamini ko‘rsatish sohasida investitsion loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Kelishuvga binoan, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga 27 mln dollar miqdoridagi investitsiyalar jalb etiladi.

Davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida 20 ta gemodializ shifoxonasi tashkil etilib, nefrologiya sohasida tibbiyot buyumlari va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Kelishuv doirasida tibbiyot muassasalaridagi gemodializ bo‘limlari modernizatsiya qilinib, tibbiy uskunalar yangilanadi va gemodializ uchun tibbiyot asbob-uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha zavod quriladi.

Sinov loyihasi sifatida 2019 yilda Jizzaxda tumanlararo gemodializ markazini ochish rejalashtirilmoqda.