Yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi, deyiladi Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali tarqatilgan xabarda.

«Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni» doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni nazorat qilish, monitoringini olib borish, shuningdek, vakolatli organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtirish Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, «Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni"ni o‘tkazish bo‘yicha dastur tasdiqlandi.

Shuningdek, ushbu hujjat bilan Ichki ishlar vazirligining tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda keng jamoatchilik ishtirokida har oyning uchinchi juma kunida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yishi belgilandi.

Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligi zimmasiga tegishli vazirliklar bilan birgalikda «Hayotiy faoliyat xavfsizligi» majburiy fanini joriy etish dasturlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.