29 avgust kuni soat 20.17 da Toshkent shahar IIBB YXB kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga 12-avtobus korxonasiga qarashli bo‘lgan 131-yo‘nalishdagi «Mersedes Benz Low Conecto» avtobusining yonib ketgani haqida xabar kelib tushdi.

Voqea Olmazor tumanidagi Ziyolilar bekati oldida yuz bergan. Yong‘in soat 20.26da bartaraf etilgan. Oqibatda avtobusning dvigatel bo‘linmasiga ziyon yetgan. Taxminlarga ko‘ra, bunga avtotransport vositasining yoqilg‘i tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q.

O‘z navbatida Toshkent shahar IIBB YOXB avtokorxonalar rahbarlari va haydovchilarini transport vositasining texnik holatiga e’tibor qaratishlarini va nosoz avtobuslarni yo‘nalishga qo‘ymasliklarini hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilishlarini so‘rab qoladi, deyiladi bayonotda.