Parvozlar xavfsizligi davlat inspeksiyasida 28 avgust kuni xorijiy aviakompaniyalar vakillari bilan tranzit yo‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

15 iyuldan O‘zbekiston prezidentining xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirish tartiblarini takomillashtirish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, uchinchi mamlakatga chiptasi bo‘lgan tranzit aviayo‘lovchilarga (101 mamlakat fuqarolari) O‘zbekiston hududida besh kun muddat vizasiz bo‘lishga ruxsat berildi. Biroq bu imkoniyatdan faqatgina ular haqidagi dastlabki ma’lumotlarni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga taqdim etgan tashuvchilar yo‘lovchilarigina foydalanishi mumkin. Biroq bugungi kunda bunday ma’lumotni faqatgina «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi taqdim etmoqda.

23 avgust kuni uch kunga Bokudan Toshkentga «O‘zbekiston havo yo‘llari» reysida uchib kelgan va Moskvaga Rossiyaning «YUTeyr» aviakompaniyasi chiptasiga ega Xitoy fuqarosi mazkur aviakompaniya tranzit yo‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmagani sababli vizasiz kirish imkoniyatidan foydalana olmadi. Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, xitoylik turistga O‘zbekiston orqali tranzit harakatini amalga oshirish tartiblari tushuntirilgan, shundan so‘ng uni qabul qiluvchi tomon Moskvaga «O‘zbekiston havo yo‘llari» chiptasini sotib olgan va u vizasiz Toshkentga chiqqan.

Davlat turizm qo‘mitasidan xabar qilinishicha, xorijiy aviakompaniyalar vakillari tranzit yo‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish masalasini o‘rganib chiqishga qiziqish bildirgan. Bunday ma’lumotlarni taqdim etuvchi aviakompaniyalar ro‘yxati Davlat turizm qo‘mitasi sayti va boshqa manbalarda e’lon qilinadi. «YUTeyr» aviakompaniyasi bilan maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha, tranzit yo‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish haqidagi dastlabki kelishuvga erishildi.

Qo‘mita xorijiy aviatashuvchilarni zarur axborotlarni taqdim etishga chaqirib, bu yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishi va yo‘lovchilar oqimining ortishiga xizmat qilishini ta’kidladi. O‘z navbatida O‘zbekiston orqali uchuvchi yo‘lovchilar ham O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyatlarini oldindan aniqlashtirib olishga chaqirildi.

DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, ayni paytda Toshkent aeroporti orqali besh kungacha O‘zbekistonda vizasiz bo‘lish imkoniyatidan 450 nafar chet ellik, jumladan 325 nafar XXR fuqarosi foydalandi.