Toshkent soliq boshqarmasi tashabbusi bilan DSB va poytaxtdagi 11 ta hududiy davlat soliq inspeksiyalari rahbarlariga tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va boshlamoqchi bo‘lgan 10 nafardan, jami 120 yoshlar biriktirildi. Bu haqda poytaxt DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

«Soliq xizmati organlari rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ilk qadamlaridan boshlab, toki yuksak darajaga yetguniga qadar barcha muammolarini hal etib, ularning ishonchli hamkori bo‘lib qoladi», — deyiladi xabarda.

Ushbu masalaga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatda ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar, jumladan «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov hamda «Ofice market» rahbari Husan Mamasaidov o‘zlarining hayotiy tajribalariga oid fikr-mulohazalari, tavsiya va ko‘rsatmalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shu bilan birgalikda, yosh tadbirkorlar ham o‘zlarining biznes rejalarini yig‘ilganlarga namoyish etdi. Yoshlar tomonidan o‘z biznes rejalarini amalga oshirish va faoliyatini kengaytirish uchun banklardan imtiyozli kreditlar olish, tadbirkorlikni boshlash uchun joy ajratilishi hamda boshqa muammoli masalalar o‘rtaga tashlandi.

Ayni paytda poytaxtda 10 ming nafarga yaqin yosh ishbilarmon va 720 nafar hunarmand o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan. Kasb-hunar kollejlarini tamomlab, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan 1136 nafar yosh qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha jami 2,8 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.