Ichki ishlar vaziri, general-mayor P. Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 24−26 avgust kunlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida o‘rganish ishlarini olib bordi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ichki ishlar vaziri Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 3-sonli ichki ishlar bo‘limi binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, xizmat faoliyatida foydalanish uchun ajratilgan yangi xizmat avtomashinalari topshirildi. Shu bilan bir qatorda, 1- va 4-son ichki ishlar bo‘limlarida ham xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga qarashli Buxoro Akademik litseyi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Litseyda ta’lim olish jarayonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida, litsey kutubxonasini badiiy adabiyotlar hamda moddiy-texnik bazasi bilan boyitish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘rganishlar davomida, Ichki ishlar vaziri Kogon, Vobkent, G‘ijduvon, Shofirkon tumanlari hamda Buxoro va Kogon shahar ichki ishlar bo‘limlarida bo‘lib, ularda mavjud sharoitlar, shaxsiy tarkibning ma’naviy yetukligi hamda huquqiy savodxonligi, rahbar va xodimlarning xizmat vazifalari ijrosini tashkil etishning samaradorligi, tartib-intizomga rioya etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish ahvolini shaxsan o‘rgandi.

Ushbu hududlarning har birida vazir tomonidan rahbarlar va barcha xodimlar ishtirokida tanqidiy ruhda tezkor yig‘ilishlar o‘tkazilib, ishni tashkil etish ahvoliga baho berildi, faoliyatda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, ayniqsa jinoyat va huquqbuzarliklar hamda fuqarolarning noroziligini keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha shaxsiy tarkibga aniq vazifalar yuklandi. O‘z xizmat burchiga loqaydlik bilan munosabatda bo‘layotgan, «xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyiliga rioya etmayotgan xodimlarga nisbatan keskin choralar ko‘rildi.

Shofirkon tumani IIBga qarashli tumanlararo Qo‘riqlash bo‘limining qurib foydalanishga topshirilgan yangi binosi ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Bo‘limda xodimlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan qo‘riqlash tizimi bilan yaqindan tanishildi.

Uch kun davom etgan sohaviy o‘rganishlarning yakuniy hisoboti sifatida 26 avgust kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda ichki ishlar organlarining mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va jamoatchilik institutlari bilan hamkorligini samarali tashkil etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlari doirasida Buxoro viloyatida jami 560 ta «Jamoatchilik nazorati maskanlari» tashkil etilganligi, «tun» profilaktik tadbirlari o‘tkazib kelinayotganligi, aholi gavjum joylarda 2270 ta ob’ektlarga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilganligi, natijada shaxsning hayoti va mulkiga qaratilgan jinoyatlar sezilarli darajada kamayishiga erishilganligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, faoliyatda yo‘l qo‘yilgan qator xato va kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, ayrim ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan munosabatlarda noo‘rin xatti-harakatlari, rahbarlarning mas’uliyatsizligi va beparvoligi hamda qo‘l ostidagi xodimlari ustidan kunlik nazoratni lozim darajada olib bormayotganligi oqibatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganligi qayd etildi.

Shu kabi kamchiliklar oqibatida viloyatdagi 540 ta mahallaning 365 tasida ayniqsa, Buxoro shahridagi barcha mahallalarda jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilganligi tanqid qilinib, shaharning eng og‘ir hisoblangan beshta, ya’ni Shayxon, Sadriddin Ayniy, Ibn Sino, Navro‘z va Ashrafiy mahallalarida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar belgilash bo‘yicha viloyat IIB rahbariyatiga tegishli topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, viloyatda sodir etilgan jinoyatlar 100 ming kishiga nisbatan hisoblaganda 84,4 tani tashkil etgani, bu respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham yuqoriligi, o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishining tub sabablari o‘rganilmaganligi, ularni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilmaganligi natijasida, oila-turmush doirasida qotillik va badanga og‘ir shikast yetkazish turdagi jinoyatlar yuz berganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, qo‘riqlash tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yo‘l harakati xavfsizligi hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ayollar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, profilaktik tadbirlarga sog‘liqni saqlash tizimlari hamda o‘quv yurtlarida faoliyat olib borayotgan psixologlarni jalb etish masalalarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida egallab turgan lavozimiga noloyiq xatti-harakatlarni sodir etgan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan eskicha ish uslubida xizmat qilayotgan Buxoro tumani IIB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.O‘rinov, Romitan tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari J. Qurbonov, Vobkent tumani IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari A.Adizov, Olot tumani IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari D.Hasanov, Qorako‘l tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N. Yuldashov egallab turgan lavozimidan ozod etildilar.

Shuningdek, xizmat vazifalarini bajarishga mas’uliyat bilan yondashmagan qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Yig‘ilish so‘nggida viloyat ichki ishlar organlarida ish sifatini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.