Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha qiymati 286,7 million yevrolik mazkur korxonaga Italiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan ilg‘or va zamonaviy uskunalar keltiriladi. Bu yerda avtomobil kuzovlari va maishiy texnika uchun metall listlar, metall cherepitsalar, profnastil va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. To‘liq quvvatda tushirilgach, korxonada yiliga 500 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi, 700 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Prezident 2017 yil fevral oyida ushbu korxonaqurilishi loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida bu yerda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zavod binosi konstruksiyasi qurib bitkazildi.

Shavkat Mirziyoyev qurilishning borishi bilan tanishdi. Zavodning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rniga to‘xtalib, bu yerda ishlaydigan mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.