2018 yil 29 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Ta’kidlanganidek, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga Uchtepa tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatilgan.

Qo‘shma majlisda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahar, Uchtepa tumani hokimliklari rahbarlarining prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar haqidagi axborotlari eshitildi, shuningdek tumanda sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil 15 avgustdagi «Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq Hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish masalasida ko‘maklashishi ham nazarda tutilgan.

Tumanda 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning 60 ta mahallasida uyma-uy yurish hamda ijtimoiy va boshqa soha ob’ektlarini o‘rganish natijalari asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha «Yo‘l xarita"si ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda. Ular bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish, bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, obodonlashtirish va yo‘llarni ta’mirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish kabi sohalarga taalluqlidir.

Majlis ishtirokchilariga 2018−2019 yillarda Uchtepa tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga 130 ta korxona, shu jumladan 59 ta sanoat va 71 ta xizmat ko‘rsatish sohasiga oid korxonalar kiritilgani, dasturning qiymati 145 mlrd. 838 mln. so‘mni tashkil qilishi, 1114 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgani haqida axborot berildi.

Bugun 61 ta loyiha ishga tushirilib, 570 dan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi, umumiy qiymati 45 mlrd. so‘mlik loyihalarning 148 mln. so‘mi investitsiyalar sifatida kiritildi.

Uchtepa tumanida 2018 yilda 6 korxona tomonidan 15,6 mln. dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ko‘zlangan bo‘lib, shundan 8,3 mln. dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Hozirgi vaqtda 4,2 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

Vakillik organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida mahalla rolini yanada oshirish hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Obod mahalla», «Yoshlar kelajagimiz», «Har bir oila — tadbirkor», «Aholi bandligiga ko‘maklashish» kabi davlat dasturlarini tatbiq etish vazifalarini bajarishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, qo‘shma majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar tartibli o‘tkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida bunday tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risidagi qarorning mazmun-mohiyati, tumanda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, ortiqcha dabdabalikka, milliy qadriyatlarga zid marosimlarga, nomaqbul odatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritdilar.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining qo‘shma qarori qabul qilinib, unda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish choralari nazarda tutilgan.