Joriy yilning 28 avgust kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida «Elekta Infinity» firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasining o‘rnatilganligi munosabati bilan, uning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 aprelda qabul qilingan «2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi. Ushbu uskuni ham mazkur qaror ijrosini ta’minlash doirasida keltirildi.

Ma’lumki, nur terapiya — onkologik bemorlarni davolashdagi asosiy usullardan biri hisoblanadi. U jarrohlik usuli bilan birga kombinirlangan va alohida shaklda qo‘llaniladi. Ushbu usul palliativ va simptomatik davo uchun ham ishlatiladi. Rivojlangan davlatlarda nur terapiya onkologik bemorlarning 60 foizdan ortig‘ini davolashda qo‘llaniladi.

Markazning nur terapiya o‘tkazuvchi chiziqli tezlatkichi bilan ta’minlanishi esa yildan yilga rivojlanib, yangilanib borayotgan yangi texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash imkonini beradi va nur terapiya o‘tkaziladigan bemorlar kontingentining ortishiga, ularning hayot sifati va davolash natijalarining yaxshilanishiga olib keladi.