O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Bekobod shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari 2017 yil 18 avgust kuni «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatiga kelib, uning ishlab chiqarish quvvati va moliyaviy-iqtisodiy holatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlarini belgilab bergan edi.

Bugun esa Shavkat Mirziyoyev loyiha qiymati 60 million dollar bo‘lgan, zamonaviy, energiya tejovchi va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan yangi ferroqotishmalar sexini tantanali ravishda ishga tushirdi.

Ushbu yangi sex Janubiy Koreyaning «Posco Daewoo» kompaniyasi ishtirokida qurilgan bo‘lib, jami 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganets qotishmalari ishlab chiqaradi. Bu metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabini to‘liq qondirish bilan birga, yiliga o‘rtacha 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish va 12 million dollar miqdoridagi valyuta tushumini ta’minlash, importni qisqartirish imkoniyatini yaratadi.

Ushbu yangi sexga o‘quv yurtlarini bitirayotgan va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan 330 nafar yigit-qiz ishga qabul qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev yangi sexning texnologik jarayonini ko‘zdan kechirdi. Janubiy koreyalik hamkorlar bilan suhbatlashdi. «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining investitsiya dasturiga oid taqdimotlar bilan tanishdi.

Kombinat rahbariyati va mutasaddilarga yangi investitsiya loyihalarini bajarish hisobiga bunday korxonalarni ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligi darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.