GM Uzbekistan eng talabgir ikki modelni ishlab chiqarish hajmini oshirish haqida ma’lum qildi.

Avgustda 3501 ta mexanik uzatmalar qutili Nexia ishlab chiqarilgan bo‘lsa, sentyabrda ular soni 4143 taga yetkaziladi. Malibu modelini ishlab chiqarish hajmi esa oyiga 240 tadan 2200 tagacha oshiriladi.

«Kompaniya mijozlar tomonidan takliflar va talablarni inobatga olgan holda, boshqa rusumdagi avtomobillarning ishlab chiqarish xajmlarini ham yaqin oylarda oshirish uchun barcha imkoniyatlarni jalb qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Avgust boshidan buyon GM Uzbekistan narxlar qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan avtomobillar savdosini to‘xtatgan edi. 24 avgust kuni kompaniya savdolarni qayta yo‘lga qo‘yib, narxlar o‘rtacha 7,7 foizga oshirilganini ma’lum qildi (Spark, Nexia va Cobalt modellari narxlari oshirilmadi).