Osiyo o‘yinlarida qatnashgan O‘zbekiston OTJ Janubiy Koreyaga yutqazib, turnirni tark etdi. Shundan so‘ng futbolchilarning MOQ prezidenti Umid Ahmadjonovga videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Championat.asia sayti muxbiri bilan suhbatda Umid Ahmadjonov yigitlardan ortiqcha tushuntirish talab qilinmaganini aytdi.

— Futbolchilarga nima bo‘ldi? Chempion bo‘ladi, deb kutgandik…

— Biz ham bunga katta umid bog‘lagandik. O‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, nasib qilmadi. Hamma birdek harakat qildi. Endi sportning boshqa turlarida oltin medallar yo‘lida kurash olib boryapmiz.

— Bilishimizcha, futbolchilarning natijasi rahbariyatga yoqmagan ekan…

— Buni kim aytdi? Agar futbolchilar umuman harakat qilmay, raqibni shunchaki o‘tkazib yuborganlarida fikringizga qisman qo‘shilishim mumkin edi. Axir ular maydonda jonlarini berib o‘ynashdi. Bizga eng keragi ham aslida shu.

— Bunday deyayotganimning sababi — kecha hamma joyda tarqalib ketgan Ravshan Haydarov hamda futbolchilarning sizga murojaati…

— To‘g‘risini aytsam, videoni ertalab sizning saytingizda ko‘rdim. Jamoa a’zolari chin ko‘ngildan nimadir qilmoqchi bo‘lishgan ekan. Ammo bunday narsani hamma joyga tarqatish birinchi xato. Qolaversa, nima bo‘lganini hammamiz ko‘rdik, demak, jamoaning ortiqcha tushuntirish berishiga hojat yo‘q. Biz ulardan buni talab qilmaymiz.

— Rosti men ham shunga hayron bo‘lgandim.

— Bu ishni kim qilganini tagiga yetdik. Yomon niyatda qilmagan, shunchaki, yoshlik qilgan. Mag‘lubiyat bizniki, keyingi safar xatolar ustida biz ishlashimiz kerak. G‘alaba esa muxlislarniki, biz xalqimizni xursand qilish yo‘lida mehnat qilamiz. Sportchilar bilan uchrashganda ham doim shuni ta’kidlayman. Chunki o‘zimga ham prezident asosiy maqsadim odamlar ko‘zida quvonch va baxt ko‘rish, deb aytgan. Sportchilar shu yo‘lda harakat qilishlari, sport esa sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishi kerak.

— Demak, jamoaga hech qanday e’tiroz yo‘q?

— Qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin?! Bu aslida norasmiy musobaqa. Biz shunchaki futbolchilarni, muxlislarni uyg‘otib olish uchun ham har qanday o‘yinda, musobaqada g‘olib bo‘lish uchun o‘ynayapmiz. Futbolchiga nima farqi bor u qanday o‘yin ekanini, terma nomidan maydonga tushyaptimi, borini berishi shart. Koreyaga qarshi o‘yinda yigitlar buni sidqidildan bajarishdi. Asosiy maqsadimiz esa Tokio-2020 va Qatar-2022. Shuning uchun ham xorijdan mashhur mutaxassislarni taklif qildik.