Makka shahridagi «Abrojul Hidoya» mehmonxonasida O‘zbekiston «Haj-2018» ishchi guruhi rahbari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan boshchiligida, Saudiya Arabistonidagi hamkor «Al-Hidoya» va Indoneziyadagi «Burhonul Hidoya» shirkati rahbarlari o‘rtasida muloqot tashkil etildi. Bu haqda O‘MI Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda indoneziyalik ziyoratchilarni O‘zbekistonning qadimiy shaharlari hisoblangan Samarqand va Buxoro orqali umra ziyoratiga borishini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuvda ta’kidlanishicha, har yili 150−200 ming indoneziyalik ziyoratchi O‘zbekistonning qadimiy shaharlari — Samarqand va Buxoroning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilib, so‘ngra umra safariga shu yerning o‘zidan jo‘nab ketishadi.

Ushbu jarayonni samarali tashkil etish maqsadida, hamkor shirkat rahbari shayx Solih Salim Bahviniy O‘zbekistonga keladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida amalga oshiriladigan ushbu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston havo yo‘llari mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Malumot uchun, joriy yilning oktyabr oyidan boshlab indoneziyaliklarning O‘zbekiston orqali umra safariga jo‘nab ketishi belgilangan.