Toshkent prokuraturasi «Milliy» stadioni (sobiq «Bunyodkor») va O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi o‘rtasidagi bahslarda huquqiy jihatdan hamrohlik qiladi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Avvalroq «Milliy» stadioni 231 mln so‘m qarzdor bo‘lib qolgani sababli gaz, suv va elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgani ma’lum qilingan edi. 16 avgust kuni qarzlar to‘landi.

Avgustning ikkinchi yarmida poytaxt prokuraturasi «Milliy» stadioni faoliyatini tekshirib, qator muammolarni aniqladi.

Jumladan, bugungi kunga qadar 2012 yilda foydalanishga topshirilgan (stadion poydevori «Zeromaks» kompaniyasi, qolgan qismi esa «12-Trest» tomonidan qurilgan) stadionning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan.

«12-Trest» tomonidan amalga oshirilgan ishlar 2016 yilda buyurtmachi tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, «Zeromaks» (faoliyati to‘xtatilgan) bajargan ishlar qabul qilinmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, stadionning ichki yong‘inga qarshi suv quvurlari o‘chirilgan bo‘lib, bu yong‘in sodir bo‘lgan holatda tomoshabinlar va stadion xodimlari hayotiga tahdid solishi mumkin. Metall suv quvurlarida stadion bilan yonma-yon joylashgan metropoliten elektr tarmoqlaridagi qisqa tutashuvlar oqibatida teshiklar paydo bo‘lgan.

Undirilayotgan o‘simliklarning bir qismi mintaqa iqlimi va tuprog‘iga mos kelmagani sababli qurib qolgan.

Stadion imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmagan, deya qayd etdi Bosh prokuratura. «Birgina „O‘ztransgaz“ homiylik qilib kelayotgani sababli muntazam ravishda moliyaviy muammolar kuzatilgan. Jumladan, stadion xodimlari iyul oyi maoshini olmagan, gazon uchun o‘g‘itlar, maxsus transport uchun ehtiyot qismlar va yonilg‘i xarid qilinmagan, binoni kapital ta’mirlash va gazonni to‘liq almashtirish zaruriyati paydo bo‘lgan».

Muammolarni hal etish maqsadida Toshkent prokuraturasi stadion ma’muriyatiga tashkiliy-huquqiy yordam ko‘rsatadi. Mahkama yong‘inga qarshi metall quvurlarni plastik quvurlarga (mahalliy mahsulot), sport gazonlari aeratsiyasi tizimlarini almashtirish talab etilayotganini aniqladi.

Mazkur masalalarni hal etish O‘zbekiston Bosh prokuraturasi nazorati ostida bo‘ladi.

«Gazeta.uz"ning O‘zbekiston Futbol assotsiyasidagi axborot manbasining xabar qilishicha, O‘FA va «O‘zbekneftgaz» barcha hal etilmagan masalalar bo‘yicha kelishib olib, «Milliy» stadionini assotsiatsiya balansiga o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorladi. Bu prezidentning mamlakatda futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida ham o‘z aksini topgan edi.