«Gazeta.uz» jurnalist va tadqiqotchi Eldar Asanovning «ma’naviyat» — bugun yolg‘on mundarija bilan to‘ldirilgan buyuk so‘z haqidagi maqolasini chop etmoqda.

«Ma’naviyat» bosib kelyapti!

Ma’naviyatchilar hamlaga shay!

Vajohatli qiyqirib, dovullar gumbur-gumburi va karnay-surnay nolishi ostida ular dabdaba bilan okoplar ichiga sakramoqda. Ular qaytdi!

Yosh muallima g‘addor yuk mashinasi g‘ildiraklari ostida qolganida mum tishlagan, erksevar jurnalist sudlanayotganida itoatkorona sukunat saqlagan, korrupsiya, tanish-bilishchilik, iqtisodiy va ijtimoiy besaranjomlik qarshisida tili soqov, ko‘z ko‘r bo‘lgan ma’naviyatchilarning to‘satdan qalami tug‘a boshladi: ular «tuzluqqa tupurib», Toshkentni haqoratlashga, uni zerikarli deb masxaralashga, hatto «muqaddas sigir» — ma’naviyatga daxl qilishga jur’at etgan «shovinist», «millatchi», «ksenofob» va shunchaki yomon odam — Nikita Makarenkoni fosh qilishga kirishib ketishdi.

Odatda erinibgina harakat qiladigan O‘zA olamga dov solyapti, propagandaning oxirgi vagoniga ilinib olishga ulgurgan «Qalampir.uz» ham ortda qolmaslikka urinyapti. Bir sutkada yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bolalagan buyurtma maqolalarning sonini qo‘ya turaylik, bu g‘azabli haqoratnomalarning birortasi ham saviya jihatdan Nikita Makarenkoning tizzasidan yuqoriga sakray olmagani kulgini qistatadi. Qoraqog‘oz ostidan chiqqanday o‘xshash tashviqiy shablonlar, ma’naviyat va buyuklik haqidagi jimjimador yolg‘on, po‘pisa va ad hominem — bori shu, «yaramas» Nikitaga munosib javob bo‘la oladigan birorta (birorta!) argument yo‘q.

Savol tug‘iladi — qo‘lingizdan kelgani shumi? Sovetcha mezondagi sazoyiga kuningiz qoldimi? Qolipga solingan formula va bir-biringizdan ko‘chirishdan boshqa narsaga yaramaysizmi? Qudratli O‘zA burnidan teparoqqa qaraydigan, «Axir bu ma’naviyatimizga zid!» degan shiordan aqlliroq narsa o‘ylab topa oladigan biror muallifga sohib emasmi? Balki o‘zini hurmat qiladigan barcha ziyolilar buyurtma alahsirash yozib berishdan bosh tortgandir? Bu haqda eshitib, moxovni ko‘rganday sapchib tushgandir?

Yo‘q, janoblar! Bu — teng kurash emas. Bu — mag‘rur istehkomga qarata nochor akillash. Professorning oliygoh bo‘sag‘asidagi daydilar bilan bahsi. Kung-fu ustasining pakki o‘rniga «ma’naviyat» bilan qurollangan o‘spirinlarga qarshi jangi.

Bir haftacha muqaddam, Toshkentning beayov jaziramasi tig‘lari tanamga botib, suvimni siqib chiqarayotganida bog‘lardan birining o‘rindig‘ida yastanib, Toshkent qanchalar zerikarliligi, bu yerda quvonchlar kamligi haqidagi maqola g‘oyasi ustida o‘ylayotgan edim. Ammo, tan olaman, Nikita mendan o‘zib ketdi. Fikrlarimni ham o‘zimdan teranroq ifodalab berdi. Hatto men sevgan Bokuni — Kavkaz bezagi bo‘lmish jonli, yorqin, quvnoq va rang-barang shaharni yodga oldi. Propagandaning jazavasi qo‘zigani uning haqligini isbotladi xolos.

Makarenkoning ajoyib maqolasida aytilgan fikrlarga qanday qo‘shimcha qilishim mumkin?

«Ma’naviyat» — buyuk so‘z, ammo biz uni yolg‘on mundarija bilan to‘ldirdik. Hozirgi shakldagi ma’naviyat — bijg‘iyotgan nasihatgo‘ylikning chirik to‘qimalaridan tikilgan Frankenshteyndir.

Bu ro‘dapo jamiyatni dolzarb masalalardan chalg‘itishga, aqllarni buyuk axloq, ruhoniyat haqidagi cho‘pchaklar bilan gangitib, hur fikrlilikni, siyosiy va sotsial masalalarga qiziqishni bichishga mo‘ljallangan. Shubhali qadriyatlar evaziga o‘zini erk va ishtiyoqdan mahrum etishni istamaganlar esa «ma’naviyat» zanjirtasmalari ostida majag‘lanib, yaxshiroq qismat qidirib uzoqlarga qochishga majbur bo‘lmoqda. Muallif haq — eng yaxshilar ko‘chib ketish haqida o‘ylamoqda.

Yo‘q, janoblar, ish bunday ketmaydi! Yagona universal axloq mavjud emas. Jamiyatning va insonning axloqiy qadriyatlari doimiy ravishda o‘zgarib boradi. «Ma’naviyat» — konstrukt, oxirgi o‘n yilliklar uydirmasi bo‘lib, o‘tmish axloqi va fe’l-atvor modellariga mutlaqo muvofiq emas. Sovet davrida ham xuddi shu yo‘sinda «o‘zbekchilik» o‘ylab topilgandi. «Ma’naviyat» — o‘zbeklarning genetik fe’l-atvori emas, ularning madaniy merosi atributlari yig‘indisi ham emas, axir ular yuz yilgina oldin mutlaqo boshqacha fikrlar va yashar edi. Uch yuz yil muqaddam esa ularning ajdodlari tamomila boshqacha axloq kodeksiga ega edi. Bu olamda hamma narsa o‘zgarishlarga yuz tutib boradi, «ma’naviyat"ning manguligiga ishonadiganlar esa qattiq yanglishadi.

Bundan tashqari, axloq nafaqat zamonda, balki makonda ham farqlanadi. Har bir inson o‘z qadriyatlari va prinsiplariga ega, o‘z axloqini boshqalarnikidan ustun qo‘yadiganlar, o‘z nuqtai nazarini yagona haq qarash deb hisoblaydiganlar qattiq yanglishadi.

O‘zbekiston — ko‘p millatli mamlakat, har bir millat esa bir-biridan tubdan farq qiladigan insonlardan tashkil topadi; agarda barcha fuqarolarning turmush tarzi, qiziqishlari, axloqiy qarashlariga hurmat ko‘rsatilmasa, ularga taqiqlar va ommaviy tanbeh berish yo‘li bilan muayyan fe’l-atvor modeli zo‘rlab singdirilsa, hammani bir musht qilib tugish, yagona jamiyatga birlashtirish juda qiyin bo‘ladi. Bu bizdagi eng yaxshi jihatlarni o‘ldiradi, axloqiy axtalarga, cho‘kayotgan kemaning befoyda zirapchalariga aylantiradi. Gap diskotekalarda, o‘yin-kulgida emas — gap erkda, shaxs erkinligida, so‘z erkinligida, vijdon erkinligida, fikr erkinligida (birdan-bir shart — boshqaga ziyoning tegmasin, o‘zganing erkiga daxl qilma).

Bitta erkinlikni bo‘g‘sangiz, umuman erkinlikning o‘zini, tafakkur va ijod qobiliyatini o‘ldirasiz. Bitta taqiq ikkinchisini keltirib chiqaradi, pirovardida taqiqlar yo‘llarimizga gilam misoli to‘shaladi. Taqiqlar jinoyatchilik va buzuqlikni tutib tura oladi deb o‘ylaydigan qattiq adashadi. Mutlaq erkinlik odamlarni aynitadi deb o‘ylaydiganlar qattiq adashadi. Yo‘q, u shunchaki insonga tanlov huquqini, o‘zi xohlaganday bo‘lish huquqini beradi.

Shaharlar urbanizatsiya, modernizatsiya, kosmopolitizm markazlari bo‘lmog‘i lozim, ular taraqqiyot g‘ildiraklarini aylantiradi. Eng rivojlangan shaharlar kuniga 24 soat yashaydi, ular juda mehmondo‘st, hammaga bag‘rini ochadi, ishlash va ko‘ngil yozish uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi, har qanday g‘oyani qabul qiladi. Ammo bizni shaharlar an’anaviylik va soxta ma’sumlik o‘chog‘i bo‘lishi, erta uxlashi kerakligiga, jamiyat bir xil fikrlashga, bir xil kiyinishga majburligiga, hayotga bir xil qaraydigan odamlardan tarkib topishi lozimligiga ishontirishmoqchi.

Yo‘q, janoblar, bu imkonsiz! Jamiyat xilma-xilligi bilan go‘zaldir. Har bir inson — alohida dunyo, o‘z his-tuyg‘ulariga, fikrlariga, orzu-maqsadlariga, umidlariga sohib mikrokosm. Mana shu kabi har xil, qiziq, g‘alati va uncha g‘alati bo‘lmagan odamlardan jamiyat tuziladi. Odamning mohiyatini kiyim-kechak, tashqi ko‘rinish, til yoki irq belgilab bermaydi. Barchani axloqiy mezonlar ichiga sig‘dirib, ma’sumlik libosiga burkab bo‘lmaydi. Soqolni qirtishlab, barchani itoatkor fuqaroga aylantirib qo‘ya olmaysiz. Taqiqlar na u tomonga, na bu tomonga ishlaydi, zero inson qalbini ma’sumlik matosiga o‘rash, soqol-murtini qoldirmay qirish, bo‘g‘ovlarga solish imkonsiz. Tanani tahqirlash mumkin, lekin bu holda tana qalb yetaklovi bilan qochib ketadi — odamni aqli, iste’dodi va insoniyligi uchun qadrlaydigan o‘lkalarga qochib ketadi.

Ijodiy fikrlovchilar toifasidan, nostandart mutaxassislardan, iste’dodlardan mahrum bo‘lgan jamiyat ortga ketishga, inqirozga, tarix jinko‘chalarida junjikib yashashga mahkumdir, faqatgina xayoliy ma’naviy ustunlikka bo‘lgan ko‘r-ko‘rona ishonch tushkunlik, mashaqqat va aziyat oqshomlarida aldoqchi tasalli bo‘ladi.

Biz — yulduzlarning darbadar bolalarimiz (zero tanamizdagi har bir atom marhum yulduzdan qolgan daydi changdir), biz muayyan zamon va makonda — ildizlarimizdan uzoqda mavjudmiz, illo ongli mavjudot bo‘lib tug‘ilish sharafidan xushbaxtmiz. Koinot ulug‘vorligi va miqyosi oldida ojiz va urvoqday mayda bo‘lsak ham, shunga qaramay, fikrlash, bunyod etish, qayg‘urish, quvonish, yig‘lash va sevish qobiliyati bilan uning bo‘shliqlarini nurafshon etamiz. Keling, bizni quyushqonga solib, tor fikrli insonlarga, fazoviy chiqindiga, poda, gala va jamoalarning tussiz a’zolariga aylantirishga bo‘lgan xatti-harakatlarga qat’iyan «Yo‘q!» deylik, bizni o‘ziga xos mavjudot — inson qilib turgan erk, ilhom, tanlov, sevgi, hamdardlik va boshqa xislatlardan o‘zimizni judo etmaylik.

Eldor Asanov, jurnalist va tadqiqotchi