O‘zbekiston va Eron Adliya vazirliklari hamkorlik memorandumi imzoladi O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletovning Qirg‘izistonnning Cho‘pon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar adliya vazirlarining oltinchi majlisidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Memorandumdan ko‘zlangan maqsad — xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va normalariga muvofiq huquqiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashishdan iborat.

Memorandumga muvofiq, inson huquqlari va fuqarolar erkinliklarini himoya qilish, norma ijodkorligi, yuridik xizmatlar ko‘rsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish va o‘zaro manfaatli boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi.

Shuningdek, Memorandumda konferensiya, seminar, leksiya va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, qonunchilik va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash amaliyoti, shuningdek, yuridik adabiyotlar va boshqa nashrlar bo‘yicha axborot almashish, tomonlar adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan yaqinroq tanishish maqsadida delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma tadqiqotlarni tashkil qilish va o‘tkazish, tomonlar bilan kelishilgan boshqa tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.