«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi 124 kilometrlik Qarshi-Kitob temir yo‘l liniyasini modernizatsiya qilish va elektrlashtirish bo‘yicha loyihani yakunladi. Bu haqda tashuvchi matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu yo‘nalishda vokzallar yangidan qurilib, stansiyalar rekonstruksiya qilindi. 2 ta ko‘prik, 20 ga yaqin sun’iy inshoot bunyod etildi. Mavjud temir yo‘llar modernizatsiya qilinib, atrofi panjara bilan o‘raldi.

Qurilish ishlariga 100 ga yaqin zamonaviy texnika, 300 nafardan ziyod tajribali mutaxassislar jalb qilindi. Soha energetiklari tomonidan loyiha doirasida rejalashtirilgan 94 km masofaga temir beton ustunlari o‘rnatish, ularga konsollar ilish, kontakt simlari tortish kabi barcha ishlar to‘liq yakunlandi. Bundan tashqari o‘tgan vaqt mobaynida 1 ta nim tortish stansiyasi ham qurib ishga tushirildi.

Mutaxassislar Qarshi-Kitob yo‘nalishida ilk bor elektrovoz hamda Afrosiyob zamonaviy elektropoyezdini harakatlantirib, texnik sinovlarni boshlab yubordi.

Mazkur yo‘nalishda poyezdlar harakati boshlangani to‘g‘risida «O‘zbekiston temir yo‘llari» o‘z rasmiy saytida e’lon qiladi.