Prezidentning 2018 yil 27 iyuldagi «Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 5490-sonli Farmoni mazkur sohadagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Joriy yilning 24 avgust kuni Davlat soliq qo‘mitasi va hududlardagi davlat soliq boshqarmalari binosida mazkur farmonning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va undan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi yuzasidan respublikamizning barcha hududlarini qamrab olgan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirokida videoselektor tarzida seminar tashkil etildi.

Farmonga asosan ushbu hujjat kuchga kirgan vaqtda mavjud bo‘lgan qat’iy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar bo‘yicha qarzdorlik, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha hisoblangan qarzdorliklar hisobdan chiqarilmoqda.

Shu o‘rinda ko‘pchilikda bir savol tug‘ilishi tabiiy. Qarzdorligi hisobdan chiqarilayotgan shaxslarga kimlar kiradi?

Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi Qo‘mitaning Soliq qarzini undirishni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Rajabovning bu boradagi fikrlarini e’lon qildi.

— 2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarga va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlarga qarzdorlikni hisobdan chiqarish tartibi qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun bir yillik qat’iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslar ham qarzdorlar ro‘yxatidan chiqarilmoqda.

Faqat shuni ham alohida qayd etish joizki, bu yerda qarzdorlar ro‘yxatidan chiqarilishining ham alohida talablari keltirib o‘tilgan.

Jumladan, farmonga muvofiq qarzdorligi o‘chirilayotgan yuqorida nazarda tutilgan shaxslar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hollardagina ular uchun amal qilishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni tadbirkorlik faoliyatiga yana qayta kirib, intizomli faoliyat yuritishni istagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga farmon asosida imtiyozlar berilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ayni paytda respublikamizda mavjud bo‘lgan qat’iy belgilangan soliqlar miqdori 89,8 mlrd. so‘m, ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar miqdori 31,8 mlrd. so‘m, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha hisoblangan qarzdorlik miqdori 637,7 mlrd. so‘mga teng bo‘lib, mazkur qarzdorliklar tegishli tartibda hisobdan chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentning farmoni asosida yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslardan tegishli faoliyat turi bo‘yicha o‘rnatilgan stavkadan kelib chiqib hisoblangan bir yillik miqdordagi qat’iy belgilangan soliqni bir yo‘la undirish tartibi ham bekor qilinmoqda.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik sub’ektlari — yuridik shaxslarga hisoblangan undirish umidsiz bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar, mazkur qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha qarzdorlikni xatlovdan o‘tkazish, keyinchalik ko‘rsatilgan qarzdorliklarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish choralarini ko‘rish yuklatildi.

Muxtasar aytganda, prezident tomonidan 2018 yil 27 iyulda qabul qilingan farmon tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda, sohadagi mavjud muammolarga barham berish hamda tadbirkorlarning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.