O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 19 iyundagi «Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan Toshkent shahrida shu yilning 1 iyulidan eksperiment tarzida «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi joriy etilgan edi.

Mazkur konsepsiyaning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi, kuch va vositalarni boshqarishdagi ahamiyatidan kelib chiqib, Qarshi shahrida ham «Xavfsiz shahar» tizimi ishga tushirildi. Bu g‘aqda «Qashqadaryo» gazetasi saytida xabar berildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, endilikda viloyat markazidagi 4 ta sektor joylashgan 4 hududda Qarshi shahar IIBning alohida bo‘limlari hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarma tashkil etildi. Bu tizimdagi kuch va vositalarni samarali boshqarish, har bir bo‘limning o‘ziga tegishli hududni to‘liq qamrab olishi uchun keng imkoniyat yaratadi. Qolaversa, tizim xodimlarga o‘z hududini ishonchli nazorat qilish, davlat va jamoat tashkilotlari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatishda qo‘l keladi. Zero, bundan buyon ularning faoliyatiga xizmat hududidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oshishi va kamayishiga qarab baho beriladi.

Hozirda yangi tuzilmalar samaradorligini ta’minlash uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratilmoqda. Xizmat avtomobillariga maxsus belgili chiroqlar o‘rnatildi. Endilikda xodimlar maxsus jihozlangan skuterlarda ham nazorat olib boradigan bo‘lishdi.

Bundan tashqari, har bir bo‘lim uchun zamonaviy binolar ajratilib, ular zarur mebel jihozlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi. Xizmat xodimlarining o‘z hududida videokuzatuv vositalari yordamida nazorat o‘rnatishi, profilaktika inspektorlari videokonferensaloqa vositasida muloqot qilishi uchun imkoniyatlar yaratildi.