Nikita Makarenkoning «ma’naviyat» haqidagi maqolasi so‘nggi vaqtlarda internetning o‘zbek segmentida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. Bu maqola va «ma’naviyat» atrofida juda ko‘p fikr-mulohazalar bildirildi. Umumiy olib qaraganda munozaralar odamlar, ayniqsa yoshlar «ma’naviyat» so‘zining ma’nosini mutlaqo bilmasligi yoki undan ko‘ngil aynir darajada bezib ketganini ko‘rsatdi.

Bo‘lar ish bo‘ldi, maqola bahona ma’naviyatimiz, saviyamiz, axloqimizga baho berdik, hissiyotlarga berildik, ichimizdagilarni to‘kib-sochdik. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Ma’naviyat, odob-axloq bahonasida shahar va tumanlardagi tungi hayot to‘xtatilib, xalq «komendantlik soati» rejimida yashashda davom etaveradimi yoki erkinlik berilib, iqtisodiyotning rivojlanishi, odamlarning kunning istagan vaqtida o‘zgalar huquqlariga daxl qilmagan holda ko‘ngil yozishlari uchun sharoitlar yaratiladimi? Bundan buyog‘iga ma’naviyat, milliy mentalitet, qadriyatlar, odob-axloq kabi tushunchalarni xalq, birinchi navbatda yoshlar ongiga qanday singdirish mumkin? Umuman, buning iloji bormi? Jamiyatni bir qolipga solish, yagona g‘oya atrofida birlashtirishning imkoni bormi?

Bugungi ahvolimiz barchamizga ayon, unga shu vaqtgacha panja ortidan qarab kelganimiz, muammolarni inkor qilib, xaspo‘shlaganimiz, soxta va puch g‘oyalar bilan faqatgina o‘zimizni aldab kelganimiz yetadi. Endi bizga yangi qadriyatlar kerak. Men butunlay yangi qadriyatlarni shakllantirishimiz kerak, demoqchi emasman. Balki unutilgan, o‘zgartirilgan, uloqtirib yuborilgan va o‘z vaqtida yangilanmay qolgan qadriyatlarni jonlantirish, bugungi kunga moslashtirish, boyitish va modernizatsiya qilish kerak.

Birinchi navbatda jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishi shart. Qonunlar esa umumbashariy, ko‘p millatli, ochiq va erkin jamiyatga mos bo‘lishi lozim. Odamlar bugun qonun ustun ekaniga ishonmaydi, juda ko‘plab masalalarda qonuniy tartib-qoidalar ishlab chiqilmagan yoki takomillashtirilmagan. Oddiy misol. Yaqinda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev odamlarning shikoyatidan bezor bo‘lib shikoyat qildi: «Toshkent yo‘llarini kunduzi asfalt qilsak norozi bo‘lib kechasi ta’mirlang deyishadi. Kechasi ta’mirlatsak, uyqu bermayapsizlar kunduz kuni qiling deyishadi. Odamlarga o‘zi nima yoqadi? Bu ko‘chani ta’mirlatsak, biznikini ta’mirlashmadi, boylar yashaydigan ko‘chani tuzatishdi deyishadi. Boshqa ko‘chani qilsak, yana boshqa ko‘chalardagilar malomat qilishadi. Nima qilish kerak?»

Bu vaziyatda hamma qonun-qoidalarga asoslangan qo‘llanma asosida harakat qilishi kerak. Odamlar ham, hukumat ham o‘z huquqlari chegarasini bilishi, uni buzganlar esa qonun doirasida javobgarlikka tortilishi, hamma o‘z ishini qilishi kerak. O‘zbekchilik, yuz-ko‘z, andisha kabi illatlardan voz kechib, qonun bo‘yicha kunduzi ishlash kerak bo‘lsa kunduzi, kechasi bo‘lsa kechasi ishlanishi lozim. Qo‘llanmani esa o‘z sohasining mutaxassislari — qonunshunoslar, shaharsozlar, urbanizatsiya ekspertlari ishlab chiqsin.

Odamlarning ko‘z o‘ngida qonun buzilib, aybdorlar jazosiz qolishidan zararli holat bo‘lmaydi. Normal jamiyatlarda ochiqchasiga qonunbuzarliklar sodir etilsa, aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar jazolanadi. Bizda esa shu vaqtgacha milliardlab so‘mlik mol-mulklar, mablag‘larni talon-taroj qilib, hali ham erkinlikda yurganlar yoki qamalsa ham bir-ikki yildan so‘ng ozodlikka chiqib, yiqqan-terganlarini yeb, yetmaganidek yana o‘sha rahbar lavozimlarga tayinlangan va avvalgi ishlarini davom ettirib yurganlar yetarlicha topiladi. Bunday holatda odamlar qonun ustuvorligi tugul, uning borligiga ham ishonmaydi, yoshlar esa lavozim-mansab tekkanida imkon boricha foydalan, qo‘lga tushsang bir qismini sarflab qutulib qolasan, «zato» keyin mazza qilib yurasan, degan xayolga boraveradi.

Ikkinchidan, odamlarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan choralar izchil davom ettirilishi va yanada yangi bosqichga chiqishi lozim. Bunda gumanizmga ustuvor ahamiyat qaratilishi, o‘z navbatida aholida boqimandalik, dangasalik kayfiyati shakllantirilmasligi lozim. Fuqarolar turmush darajasini oshirishda yangi ish o‘rinlarini ochish uchun sharoitlar yaratish bilan birga, oylik-maoshlarni belgilashda real oylik xarajatlarni hisobga olish lozim. Masalan, oila a’zolarining o‘rtacha sonidan kelib chiqib bir oyda qilinadigan xarajatlar hisob-kitob qilinishi lozim. Bu faqat yeb-ichish emas, balki kiyim-kechak, o‘qish, kommunal to‘lovlar va boshqalarni ham o‘z ichiga oladi. Xullas, o‘rtacha oyliklar shunday bo‘lishi kerakki, xuddi chet ellarda bo‘lgani kabi odamlar oydan-oyga qarzsiz chiqib, orttira olishi ham kerak. Bu oyliklar ichiga ipoteka va texnika kreditlarini qoplash masalalari ham kirib ketishi kerak.

Hozirgi holatda esa aksariyatimizning o‘y-xayolimiz qanday kun kechirish haqida bo‘lib qolgan. Tashvishlarimiz shunchalik ko‘pki, ularning asosiy qismi qanday qilib pul yetkazish, qanday qilib sotib olish (gap villa yoki hashamatli yaxta haqida ketayotgani yo‘q), qanday qilib qarzni uzishu amallab uy yoki mashina sotib olish haqida bo‘lib qolgan. Ishoning, bunday holatda biz yuksak ma’naviyat, bunyodkor g‘oyalar, vatanparvarlik, xalqparvarlik kabi narsalar haqida o‘ylay olmaymiz.

Fuqarolar dunyoqarashi, saviyasini oshirishda homiylik, metsenatlik, volontyorlik kabi harakatlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash ham muhim. Metsenat deb o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan ilm-fan va san’atni rivojlantirish uchun ko‘ngilli va beg‘araz asosda moddiy yordam beruvchi shaxslarga aytiladi. Bu so‘zni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham yig‘ilishlarda bir necha marta tilga olib, boy, o‘ziga to‘q insonlarni metsenatlik qilishga da’vat etmoqda. «Metsenat» atamasini prezidentning kuni kecha qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ham ko‘rdim. Unda metsenatlar va homiylar yordamini jalb qilishni rag‘batlantiradigan samarali huquqiy mexanizmlarning yo‘qligi tan olingan. Agar metsenatlar va homiylar yordami davlat tomonidan munosib rag‘batlantirilsa, jamiyatning ikki qatlami o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanib, taranglik, asabiy keskinlik ham yumshashni boshlaydi.

Shu bilan birga, mamlakatda volontyorlik harakatiga ham katta e’tibor qaratilishi, bu harakatga a’zo bo‘lganlar uchun qonuniy asosda o‘qish va ishga kirishda (suhbatlar, ijodiy imtihonlar, rezyumelarda), qaysidir davlat xizmatlaridan foydalanishda ustunlik berilishi kerak.

Ijtimoiy yordam tizimini adolat va insonparvarlik tamoyillari asosida tubdan takomillashtirish vaqti ham keldi. Bugun kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat tomonidan yordam ko‘rsatishda korrupsiya holatlari ko‘plab uchramoqda. Qolaversa qonunosti hujjatlarida insonparvarlik tamoyillariga rioya etilmaganini ko‘rish mumkin. Jumladan, ko‘plab holatlarda haqiqatdan ham ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar oylik maoshning oila a’zolari soniga nisbatan eng kam ish haqidan ortiq ekani, hovlilarda yer maydoni belgilangan eng kam me’yorlardan ortiqligi, avtotransport vositasi yoki boshqa daromad manbalari mavjudligi kabi sabablar bilan moddiy yordam ajratish haqidagi arizalar rad etiladi. Ammo korrupsiya sababli ba’zi oilalar har tomonlama o‘ziga to‘q bo‘lsa ham davlatdan moddiy yordam olmoqda. Bu holatda, birinchidan moddiy yordamga muhtojlik masalasi individual, manzilli o‘rganilishi, oilaning real daromadlari va turmush sharoitlari, oilada kasallar, nogironlar va qarovga muhtojlar borligi kabi jihatlar ham hisobga olinishi lozim.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Toshkent viloyatida bir onaxon bilan bog‘liq hodisani so‘zlab bergan edi. Onaxonning turmush o‘rtog‘i va farzandlari vafot etgan, katta hovlida bir o‘zi istiqomat qiladi. Qish. Deraza oynalari yo‘q, qarzdorlik sababli gaz va svet o‘chirilgan. Deputat mahalla raisini chaqirib, unga moddiy yordam belgilashni so‘rasa, hovlisi borligi uchun mumkin emasligini aytgan. Majlis o‘tkazib, bayonnoma rasmiylashtirib beringlar, deb moddiy ta’minot yozdirib, istisno tariqasida (noqonuniy ravishda) gaz va svetni ulatib ketsa, yaqinda prokuratura tekshiruv o‘tkazib, noqonuniy moddiy yordam yozilgan deb barcha to‘langan pullarni qaytarishni talab qilayotgan ekan. Xuddi shunga o‘xshash holat Mirzacho‘l shahrida istiqomat qiluvchi uch bolaning onasining ham boshidan o‘tganini uning shaxsan o‘zi menga so‘zlab berdi. Turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tgan, qo‘lida emizikli bola bilan ishlay olmaydi, mahallaga yordam so‘rab borsa, sen to‘g‘ri kelmaysan deb qaytarishgan. Onaning «aybi» bir necha yil avval, turmush o‘rtog‘i bilan tender orqali uy-joy solish uchun yer maydonini sotib olgan. Bugun yer maydoni bo‘sh, unga uy qurish uchun onaning mutlaqo imkoniyati yo‘q. Tez orada belgilangan muddat tugab, yer maydoni davlatga qaytarib olinishidan qo‘rqib, uch bola bilan idorama-idora yugurmoqda.

Uchinchidan, ta’lim sifati va mazmuni takomillashtirilishi lozim. Boshlang‘ich va umumiy o‘rta ta’limning asosiy maqsadi INSONni tarbiyalashdan iborat bo‘lishi kerak. Bizning ta’lim esa asosiy urg‘uni akademik bilimlarga qaratgan bo‘lib, bolalar miyasi tenglamalar, qoidalar, atamalar, yillar va raqamlar bilan to‘ldiriladi. Ularda fikrlash, xulosa chiqarish, ijodkorlik, yaratuvchanlik, o‘rganish va izlanish, qonunga itoatkorlik kabi sifatlar shakllantirilishi lozim.

Bolalikdan o‘zgalar huquqlarini hurmat qilish, jamiyatda o‘zini tutish, xatti-harakatlari, gap-so‘zlarini ongli ravishda boshqarish o‘rgatib borilishi kerak. Shu bilan birga, har bir o‘quvchi huquq va erkinliklari chegaralarini bilishi, bu chegaralar buzilsa, qanday oqibatlarga olib borishi, javobgarlikka tortilishi aniq ekanini anglashi zarur. Bu qanday amalga oshiriladi? Menimcha, bu ishlar alohida dars va mashg‘ulotlar ko‘rinishi emas, balki ta’lim muassasalarida shunga qaratilgan muhitni shakllantirish orqali amalga oshirilishi kerak. Bolalar bir-biri yoki o‘qituvchi-tarbiyachilar bilan munosabat-muloqot o‘rnatishida o‘zini huquq va majburiyatlarga ega SHAXS sifatida ko‘rishi kerak. Har bir noo‘rin holatda huquqlar tushuntirilib, takror sodir etilgan taqdirda javobgar bo‘lishi aytilishi, bola salbiy xulq-atvorini namoyish etishda davom etsa, belgilangan tartibda haqiqatdan ham javobgar bo‘lishi lozim.

Sanjar Said, bloger