So‘nggi hafta o‘zbek internet segmentida «Ma’naviyat» so‘zi juda urf bo‘ldi. Ma’naviyat va «Ma’naviyat» istovchilari hamda istamovchilari ikki taraf bo‘lib, maqola, munosabatlar bildirdilar. «Ma’naviyat» va uning oqibatlari haqida o‘z shaxsiy fikrini bildirgan Nikita Makarenkoga «lofchi"dan tortib «xalq dushmani"gacha turli ayblovlar «yopishtirildi».

Otaxon nashrimiz O‘zA katta qovun tushirdi. «Hurmatli Nikita Makarenko, siz bir marta bo‘lsa-da, Toshkentdagi dam olish xiyobonlariga borganmisiz o‘zi? Umuman, tungi Toshkentni ko‘rganmisiz?» deya jurnalistni so‘roqqa tutarkan, Nikitaning kechki poytaxtni sayr qilayotgan rasmini «bilmasdan» berib yubordi.

«Ma’naviyat"ga nisbatan antipatiya milliy nashrlarimiz va jurnalistlarni bu qadar uyg‘otib yuborishini bilmagan ekanman. «Ma’naviyat» Toshkentni barbod qiladimi"ga turli munosabatlar bildirildi. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati «Siz ham qaysidir davlatga borsangiz, tungi o‘ndan keyin ko‘chada yurmaysiz» degan vaj ila Toshkentning tungi manzaralarini mehmonxona derazasidan tomosha qilishni taklif etdi. Farg‘onalik muxbir shahardagi azim chinorlarning kunpayakun qilinishidan ham fazilat qidirib «ilgari tor yo‘laklarda chinor bargi xazonlarini ko‘rishga ko‘nikib ketgan ko‘zlar bugun yaratuvchilikning yorug‘ izlaridan yayramoqda» deya Farg‘onaning tungi manzarasini tomosha qilishga chaqirdi.

Ba’zi munosabatlarda maqola qolib muallifning shaxsiga e’tibor qaratildi. Millatchi kommentlar ham bo‘ldi. O‘zA va Qalampir.uz‘da Makarenko postiga qarshi e’lon qilingan munosabatlar (maqola deb bo‘lmaydi) ham bir yoqlamali, noprofessional, quruq tuyg‘u bilan ifodalangan.

«Ma’naviyat» (معنوىات) so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, odob-axloq majmui degan ma’noni bildiradi. Mustaqillikkacha bo‘lgan o‘zbekcha lug‘atlarda bu so‘z yo‘q. «Ma’naviy» so‘zi ishlatilgan, lekin ot sifatida «ma’naviyat» so‘zi 1981 yili chiqqan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati"da ham mavjud emas. 2006 yili chiqqan yangi «O‘zbek tilining izohli lug‘ati"da «ma’naviy» so‘zi izohida «ma’noviy, aqliy, axloqiy, MAVHUM» ta’rifi ham keltirilgan.

«Ma’naviyat» so‘ziga katta ehtiyoj Mustaqillikdan so‘ng sezildi. G‘oyaviy jihatdan ham nochor bo‘lgan xalqning ehtiyojini qondirish juda zarur edi. Ma’naviyat bu borada juda yaxshi ma’naviy ozuqa edi. O‘z tarixi, ilm-fani, qadriyatlariga tashna xalq uchun Ma’naviyat g‘oyasining singdirilishi uning uyg‘onishida yaxshi natijalarga olib kelgan.

Ma’naviyat — oliy axloqiy tushunchalar majmui. Lekin har qanday vaziyatda, har qaysi holatda ham ma’naviyatni ustun qo‘yish, ma’naviyatsizlikni sabab qilib ko‘rsatish yaramaydi. Har kuni asal yeyaversangiz, bir haftadan so‘ng me’dangizga tegadi. Masalan, bolaning xato (jinoyat) qilishiga har doim ham uning va oilasining ma’naviyatsizligi sabab bo‘lavermaydi. Ma’naviyat uchun avval sharoit yaratiladi. So‘ng talab qilinadi.

Nikita fikrlash va so‘z erkinligi konstitutsion huquqidan foydalanib, so‘zini aytdi. Men Nikitaning «Ma’naviyat, bu — yolg‘on konsepsiya, adashish» degan fikriga aslo qo‘shilolmayman. «Yurtimizda iqtisodiyotni siyosatdan ustun qo‘yishdi. Iqtisodiyotni ma’naviyatdan ustun qo‘yish vaqti ham keldi. Nima taqiqlanmagan bo‘lsa, barchasiga ruxsat bering» degan fikri esa yoqdi. «Ma’naviyat"ni sabab qilib inson huquqlarining cheklanishiga qarshiman.

2017 yilning 1 yanvar tunida Istanbuldagi Reina tungi klubida o‘zbek millatiga mansub jinoyatchi 39 kishini halok qilib, 40 nafardan ortiq kishini yaraladi. Voqea butun dunyoda shov-shuv bo‘ldi. Lekin shu sabab bilan Turkiyada tungi klublar yopilgani yo‘q (yoki ularga tunda ishlash uchun alohida litsenziya olish taklifi berilgani yo‘q).

Turkiya xuddi biz kabi dunyoviy davlat. Istanbulda tungi klublar bilan birga diniy madrasalar ham bemalol faoliyat yurityapti. Tungi klubga boradiganlar namoyishga chiqib, masjidlar, madrasalar yopilsin demayapti. Yoki dindorlar chiqib, «tungi klublar bolalarimizni o‘ziga chorlab, ularni buzib yubormoqda. Mana, 39 vatandoshimiz o‘lib ketdi, zudlik bilan tungi klublar yopilsin!» deya namoyish qilishmayapti.

Agar oilaviy ma’naviyat, tarbiya yaxshi shakllangan bo‘lsa, ota-ona o‘zi ham bunga amal qilsa, bola hech qachon ota-onasi yomon deb o‘ylagan yo‘lga yurmaydi. Men biron marta tungi klub, diskotekaga bormaganman. Ota-onam, ustozlarim bergan tarbiya orqali u yerga borishga ehtiyojim yo‘q. Inshaalloh, bolalarimdan ham ko‘nglim to‘q, xavotirim yo‘q.

Voyaga yetmagan farzandimning rasmiy maktabda, ustozda Qur’on ta’limi olishiga ehtiyojim bor. Qizim ertaga maktabga borsa, o‘zi xohlagandek kiyinishini istayman. Bu mening huquqim.

Asossiz taqiqlarni yomon ko‘raman. Taqiqlarga ko‘nikib qolgan jamiyat ertaga kundalik haq-huquqlari man qilinsa ham befarq qarab turaveradi.

Ma’naviyat — yaxshi tushuncha. Lekin uning targ‘ibotchilari ma’naviy yetuk bo‘lmasa, hayotda, amalda teskari harakat qilsa — undan ortiq yomonlik yo‘q. Asalning shirinligini doim ta’kidlash shart emas. Zero, uni hamma biladi. Tomoqni zaxalamaydigan qilib, vaqtida, kerak paytida yetkazilsa, bas.

Davronbek Tojialiyev, jurnalist, www.ziyouz.uz sayti bosh muharriri.