Moliya vazirligi va DSQning qarori (2018 yil 20 avgustda 2439−6-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan soliq hisobotining shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Mol-mulk solig‘i bo‘yicha barcha hisobot shakllari Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiqlashtirildi. 2018 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar mol-mulk solig‘i solish ob’ekti hisoblanadi (Soliq kodeksining 266-moddasi):

ko‘chmas mulk, shu jumladan moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi bo‘yicha olingan ko‘chmas mulk;

normativ muddatda tugallanmagan qurilish ob’ektlari;

belgilangan muddatda ishga tushirilmagan asbob-uskunalar.

Hisobotda ko‘chmas mulkka nimalar kirishi ham aniqlashtirilgan, bular:

binolar;

inshootlar;

yer bilan uzviy bog‘liq uzatish qurilmalari;

ko‘p yillik dov-daraxtlar.

2018 yil 1 yanvardan eksport qiluvchi korxonalar uchun, shuningdek mahalliylashtirish dasturlariga kiritilganlar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinganligi munosabati bilan Mol-mulkka solinadigan soliq hisob-kitobiga quyidagi ilovalar faqat 2018 yil I choragi yakunlari bo‘yicha to‘ldiriladi:

mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulkni aks ettiruvchi 4-ilovaning 0301-satri;

5-ilova «Mahalliylashtirilayotgan mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan mol-mulk hisob-kitobi»;

6-ilova «Eksport ulushiga bog‘liq holda mol-mulk solig‘i stavkasiga tuzatish kiritish».

Quyidagi shakllar mol-mulkka solinadigan soliq bo‘yicha hisobotdan chiqarib tashlandi, sababi respublika hududida ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan norezident yuridik shaxslar, doimiy muassasa tashkil etilganidan qat’i nazar, 2018 yil 1 yanvardan boshlab mol-mulk solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasida faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlarida mavjud asosiy vositalarning o‘rtacha yillik qoldiq qiymati to‘g‘risida ma’lumotnoma;

O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari (yuridik va jismoniy shaxslar)ga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk to‘g‘risida ma’lumotnoma.


https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/soliq_hisobotida_qanday_kuchmas_mulk_kursatiladi