2018/2019 o‘quv yilidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavr va magistratura bosqichlari uchun to‘lov-kontrakt miqdorini ikki barobarga oshiradi. JIDU ilmiy kengashi tegishli qarori qabul qildi, deya xabar berdi OTM ma’muriyati «Gazeta.uz"ga.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda ilk bor kontraktlarni tabaqalashtirilgan shartlari joriy etildi.

Bakalavriat:

  • stipendiya to‘lovi bilan birgalikdagi to‘lov-kontrakt asosidagi ta’lim — 22,1 mln so‘m;
  • stipendiya to‘lovisiz to‘lov-kontrakt asosida ta’lim — 18,3 mln so‘m;
  • stipendiya to‘lovi hamda yotoqxonada yashash, sport-sog‘lomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni o‘z ichiga olgan to‘lov-kontrakt miqdori — 24,1 mln so‘m;
  • stipendiyasiz va yotoqxonada yashash, sport-sog‘lomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni o‘z ichiga olgan to‘lov-kontrakt miqdori — 20,3 mln so‘m.

Magistratura:

  • stipendiya to‘lovi bilan birgalikdagi to‘lov-kontrakt asosidagi ta’lim — 24,3 mln so‘m;
  • stipendiya to‘lovisiz to‘lov-kontrakt asosida ta’lim — 20,5 mln so‘m;
  • stipendiya to‘lovi hamda yotoqxonada yashash, sport-sog‘lomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni o‘z ichiga olgan to‘lov-kontrakt miqdori — 26,3 mln so‘m;
  • stipendiyasiz va yotoqxonada yashash, sport-sog‘lomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni o‘z ichiga olgan to‘lov-kontrakt miqdori — 22,5 mln so‘m.

JIDU rahbariyatidan «Gazeta.uz"ga oydinlik kiritilishicha, universitet yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va OTMni rivojlantirish strategiyasi xarajatlarini hisobga olgan holda har yili bakalavr va magistraturada kontraktlar miqdorini oshirish huquqiga ega bo‘ldi. Bu O‘zbekiston prezidentining 21 iyundagi «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Bunda universitetda kontrakt bo‘yicha o‘qish qiymati respublika oliy ta’lim muassasalari uchun tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rnatilgan kontraktlar miqdoridan uch barobardan ziyodroqqa oshirilishi mumkin emas.

Vazirlar Mahkamasining 15 avgustdagi qarori bilan OTMlar professor-o‘qituvchilari tarkibi uch bosqichda oshirilishi ko‘zda tutilgan:

  • 2018 yil 1 sentyabrdan — o‘rtacha 25 foizga;
  • 2019 yil 1 yanvardan — 20 foizga;
  • 2019 yil 1 iyuldan — 25 foizga.

Masalan, fan doktori darajasiga ega professor oyligi 1 sentyabrdan 3,8 mln so‘mgacha, 1 yanvardan — 4,6 mln so‘mgacha, 1 iyuldan — 5,8 mln so‘mgacha oshadi.

JIDUda kontraktlar miqdorining oshirilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad — ta’lim sifatini oshirishdan iborat, deya ta’kidladi OTM rahbariyati vakili. «Agarda o‘qituvchining maoshi yaxshi bo‘lsa, u boshqa tashvishlar haqida o‘ylamaydi va bor kuchini ta’limga qaratadi», — dedi ma’muriyat xodimi.

Universitetda jami bo‘lib 1250 nafar talaba tahsil oladi. Har bir o‘qituvchiga o‘rtacha yetti nafar talaba to‘g‘ri keladi.

2018/2019 o‘quv yilida universitet xarajatlari o‘qituvchilar oyliklari oshirilishini hisobga olganda 35 mlrd so‘m bo‘lishi kutilmoqda. JIDU 25 mlrd so‘mlik daromadni kontraktlar ko‘rinishida oladi. 10 mlrd so‘mni esa Moliya vazirligi davlat byudjetidan ajratadi.

O‘tgan yili daromadlar 13 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning 7,5−8 mlrdi superkontraktlar hisobiga to‘g‘ri keldi.