2015−2017 yillar 1223 ta korxona taqsimlanadigan sof foydasi bo‘lmasa-da 270,1 mlrd so‘mlik mablag‘larini aksioner va ta’sischilarga dividend ko‘rinishida hisob raqamlaridan noqonuniy to‘lab bergan, deya xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati. Buning natijasida davlat byudjetiga 36 mlrd so‘mlik soliqlar tushmagan.

O‘zbekiston Soliq kodeksining 22-moddasiga muvofiq, dividendlar yuridik shaxs tomonidan uning muassislari o‘rtasida taqsimlanadigan sof foydaning yoki o‘tgan yillardagi taqsimlanmagan foydaning bir qismi hisoblanadi.

Foydasi yo‘q yoki zarar bilan ishlayotgan yuridik shaxsning divident deb to‘lab bergan mablag‘i jismoniy shaxslarga moddiy naf tarzidagi daromad deb baholanib, jismoniy shaxslarning daromad solig‘i stavkasida, agar yuridik shaxslarga to‘langan bo‘lsa, ularning boshqa daromadlari tarkibiga kiritilib soliqqa tortilishi shart edi.

DSQning misol keltirishicha, yuridik shaxs egasi foydasi yo‘q yoki balansida zarar bo‘lgani holda 50 mln so‘m mablag‘ini dividend to‘lovi deb 10 foiz stavkada soliq to‘lab hisob raqamidan olgan bo‘lsa, Soliq kodeksi talabida 22,5 foiz stavkada 11,2 mln so‘m soliq to‘lashi lozim edi.

Xo‘jalik sub’ektlarining moliyaviy hisobotlariga tayanib, soliq organlari Soliq kodeksining 38-moddasi asosida oxirgi 5 yilda to‘langan divident to‘lovlarini soliqqa tortilishini kameral nazoratdan o‘tkazmoqda.

Soliq to‘lovchilar Soliq kodeksining 31-moddasi talabida soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lashda yo‘l qo‘ygan xatolarini mustaqil ravishda tuzatish huquqiga egalar.