O‘tgan yili Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning «Davlat boshqaruvi to‘g‘risida» kitobi «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamda Xitoy xorijiy tillar nashriyoti — «Foryeign Languages Press» bilan hamkorlikda o‘zbek tilida chop etilgandi.

Shu yil 21 avgust kuni Pekin shahrida 25-xalqaro kitob ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ko‘rgazmada Xitoy Xalq Respublikasi Raisining mamlakatimizda nashr etilgan mazkur kitobi ham namoyish etildi.

Mazkur ko‘rgazma doirasida mamlakatimiz hayotiga oid yana bir muhim voqea bo‘lib o‘tdi. «Davlat boshqaruvi to‘g‘risida» kitobining asosiy tarjimonlaridan biri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli adib va tarjimon Murtazo Qarshiboyev Xitoy Xalq Respublikasining «Matbuot sohasidagi ulkan hissasi uchun» mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Buyuk Britaniya, Yaponiya, Polsha, Rossiya, Latviya, Qirg‘iziston, Vengriya, Marokash, Eron, Nepal, Ruminiya kabi jami 15 davlatning xitoy tarixi, tili va adabiyoti bo‘yicha nufuzli olimlari, tarjimon va mutaxassislari qatorida o‘zbek tarjimoni ham ana shu mukofotga sazovor bo‘ldi.