Markaziy bank Boshqaruvining qarori (2018 yil 20 avgustda 3056-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarni sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Markaziy bank tomonidan yubiley sanalari, shuningdek tarixiy va zamonaviy davrning muhim voqealariga bag‘ishlangan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar muomalaga chiqariladi.

Ular respublika hududida nominal qiymati bo‘yicha qonuniy to‘lov vositasi, shuningdek nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi kolleksiya, investitsiya va jamg‘arish ob’ektlari sifatida muomalada bo‘lishi mumkin.

Bunday tangalarni sotish va qaytarib xarid qilib olish MBning hududiy Bosh boshqarmalari va tijorat banklari (bundan keyin — bank) orqali amalga oshiriladi. MBning rasmiy veb-saytida bunday banklarning manzili haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinib boriladi. Tijorat banklari ushbu operatsiyalarni MB bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradilar.

Tangalar identifikatsiya seriya raqamiga ega bo‘lgan asillik sertifikati bilan birga muomalaga chiqariladi.

Qanday qilib «qimmatbaho» tangalar sohibiga aylanish mumkin

Buning uchun MB saytida ko‘rsatilgan banklarga murojaat qilish va quyidagicha haq to‘lash zarur:

  • jismoniy shaxslar uchun — naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida;
  • yuridik shaxslar uchun — pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan.

Tangalarning sotish narxi har haftada kamida 1 marta, milliy valyutada belgilanadi va MB saytida e’lon qilinadi.

Tanganing qiymati qimmatbaho metall bahosidan kelib chiqib belgilanadi. Baholash London qimmatbaho metallar assotsiatsiyasining (LBMA) ertalabki fiksing narxi (belgilangan oltin bahosi) va so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursiga muvofiq hisob-kitoblar asosida amalga oshiriladi hamda MB saytida e’lon qilinadi. Hisob-kitob qilish tartibi ilovada ko‘rsatilgan.

Tangalarni bankka qanday qilib sotish mumkin

Tangalarni bankka topshirish shaxsni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi, yuridik shaxs vakili esa, bundan tashqari, ishonchnomaga ega bo‘lishi shart. Operatsiya dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Shundan so‘ng tangalar 10 kun davomida asillik darajasini aniqlash maqsadida texnik ekspertiza o‘tkazish uchun Asillik palatasiga yuboriladi. Bunda tangalarning egalaridan ekspertiza uchun to‘lov undirilmaydi.

Asillik palatasi 10 kun davomida ekspertiza o‘tkazib, uning natijalarini MBga taqdim etadi. So‘ngra xuddi shuncha muddat davomida qaytarib xarid qilib olgan bank tangalar egasi bilan hisob-kitob qiladi.

Tangani qaytarib xarid qilib olish narxi topshirilgan kundagi qimmatbaho metall narxidan va ushbu narxga qo‘llaniladigan MB Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan chegirmaga asosan belgilanadi.