25−29 avgust kunlari Qoraqalpog‘istonning beshta tumanida «Iqlim o‘zgarishi sharoitida yaylov chorvachiligini rivojlantirish orqali qishloq hamjamiyatlari barqarorligini ta’minlash» mavzusida seminarlar o‘tkaziladi. Bu haqda Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ekologlar cho‘llanish jarayonlarini kuchayishi, hamda yaylovlar degradatsiyasini Orol fojiasining salbiy oqibatlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlamoqdalar. Masalan, 1995−2014 yillar mobaynida Qoraqalpog‘istondagi yaylovlar unumdorligi 23 foizga pasaygan, bu vaqtda esa yirik qoramol soni va zichligi anchagina oshgan. Yuzaga kelgan vaziyatda eng maqbul yechim sifatida yaylovlarni samarali boshqarish bo‘yicha amaliy mexanizmni yaratish taklif etilmoqda. Bunday yondashuv nafaqat degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklaydi, balki ularning ozuqa salohiyatini ham oshiradi.

Joriy yil davomida Qoraqalpog‘istonda O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmatining «O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash» qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida Qoraqalpog‘istonda 9 ta kooperativ tashkil etildi. Ularning uchtasi Kegeyli, uchtasi Taxtako‘pir, bittadan Chimboy, Qanliko‘l va Mo‘ynoq tumanlarida joylashgan. 42 229 nafar odam (ularning 20 041 nafari ayollar) mazkur birlashmalar faoliyatiga jalb etilgan, bu esa yangi ish o‘rinlari, aholi farovonligini oshishi, yangi bilim va ko‘nikmalar, qurg‘oqchilik xavfi yuqori bo‘lgan sharoitda mahalliy hamjamiyatlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amaliyotlarni anglatadi.

Qayd etish joizki, ilgarilari Qoraqalpog‘istonda mana shunday kooperativ hamjamiyatlarni tashkil etish amaliyoti bo‘lmagan. Shu munosabat bilan loyihaning namunaviy tumanlarida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib turilibdi, ularda kooperativ hamjamiyatlar tashkil etish orqali landshaft darajasida iqlim o‘zgarishlariga moslashish ahamiyati tushuntirib borilmoqda.

Tadbir dasturiga muvofiq, ishtirokchilarni kooperativ foydalanish uchun yaylov yerlarini taqdim etishning qonunchilik asoslari, kooperativlar faoliyatini tashkil etish, ishga joylashtirish va qishloq aholisini yil davomida bandligini ta’minlash imkoniyatlari, yaylov yerlari holatini yaxshilash usullari va yem-xashak ishlab chiqarish masalalari bilan tanishtiradilar. Qator taqdimotlar qurg‘oqchil iqlim sharoitlarida o‘t-o‘lanlar barqarorligini, shu jumladan, biofaol vositalar (gumatlar) yordamida ta’minlash uslublariga bag‘ishlanadi, ishtirokchilar vitaminlashtirilgan yem konsentratlarini ishlab chiqarish haqida axborot olishadi. Yana bir alohida taqdimot Maslahat-axborot markazlari ishiga va ularni iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari bo‘yicha hamjamiyatlar va yaylov kooperativlari bilan hamkorligiga bag‘ishlanadi. Qoraqalpog‘istonning to‘qay o‘rmonlari misolida ishtirokchilarga ixota ko‘chatlarini ekish chizmalarini taqdim etishadi, hamda ushbu maqsadlar uchun eng maqbul bo‘ladigan daraxt turlari haqida axborot berishadi.

Seminarda ishtirok etish uchun kooperativlarning bir ming nafarga yaqin a’zolari taklif etilgan, ular orasida tuman qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari mutaxassislari, aholi bandligini ta’minlash uchun mas’ullar, soliq inspeksiyasi vakillari va boshqalar bor.